Bugungi kunda yoshlar orasida “bir oyda ikki baravar daromad ko‘riladigan”, “20 kunda 300% daromad beruvchi” yoxud “bir kunda 150% daromad”ni va'da qiluvchi turli HAYP-loyihalar urf bo‘ldiki, natijada kimlardir yaxshi daromad olgan bo‘lsa, kimlardir barcha tikilgan mablag‘laridan ayrildi.

Xo‘sh, bu HAYP-loyihalar nima o‘zi va ular qanday yuzaga keladi? Ushbu maqolada biz jamiyatimiz hayotiga kirib kelayotgan yangiliklardan biri bilan yaqindan tanishtirib o‘tishga harakat qilamiz.

Hayp (inglizcha HYIP - High Yield Investment Program) – bu firibgarlik loyihasi bo‘lib, unda Pontsi sxemasiga o‘xshash usulda investorlarga o‘ta yuqori daromadni va'da qiluvchi hamda faqatgina yangi jalb qilingan ishtirokchilar hisobidan eski omonatchilarga pul berishni yo‘lga qo‘ygan investitsion qalloblik shaklidir. Boshqa so‘zlar bilan aytganda hayplar – moliyaviy piramidalarning yangicha ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Ularda ham xuddi moliyaviy piramidalardagi singari ko‘plab yangi ishtirokchilarni jalb qilish hisobiga eski ishtirokchilarga qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishi belgilanadi. Bunda xuddi tarmoq marketingidagi singari mavjud ishtirokchilarga va'da qilingan daromaddan tashqari faollik ko‘rsatgan holda yangi ishtirokchilarni jalb qilganlik uchun ko‘p pog‘onali tizimda (referallar) daromad to‘lash tizimi amal qiladi.

Masalan, agar tizimda birinchi pog‘ona kiritadigan mablag‘dan 5%, ikkinchi pog‘onadan 3% va uchinchi pog‘onadan 2% daromad berilishi nazarda tutiladigan bo‘lsa, u holda yuqori pog‘onada turgan inson har bir o‘zidan quyida turgan jalb qilgan ishtirokchilardan mos ravishda qo‘shimcha daromad oladi. Deylik, Ahmad birinchi pog‘onada turibdi va ushbu loyihaga Eshmatni taklif qildi va Eshmat 100 000 so‘m mablag‘ kiritdi. Ushbu 100 ming so‘mdan 5% (5 ming so‘m) Ahmadga qo‘shimcha daromad sifatida beriladi. Endi o‘z navbatida Eshmat loyihaga Toshmatni taklif qildi hamda Toshmat 200 000 so‘m pul kiritdi. U holda Eshmatga 5% (10 000 so‘m) va Ahmadga 3% (6 000 so‘m) bonus sifatida beriladi. Xuddi shu singari quyiga qarab davom etaveradi va piramidaning yuqorisida turgan Ahmad har bir o‘zining jamoasidagi ishtirokchilar tomonidan jalb qilinadigan yangi ishtirokchilar kiritadigan mablag‘lar hisobidan bonus olib turaveradi.

Hayp-loyihalar investorlarni juda yuqori daromadlarni qisqa muddatlarda to‘lab berish imkoniyatini berishi bilan o‘ziga tez jalb qiladi. Ushbu to‘lab beriladigan yuqori daromadlarning manbalari sifatida esa ular turli afsonalarni o‘ylab topishadi.