2021 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifat holati haqida axborot bergan Ruslanbek Davletov aholi hayotidagi huquqiy munosabatlarda yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qilib borish, shunga qarata aniq va manzilli ishlash kerakligini bildirdi.
«Masalan, firibgarlik, kiberfiribgarlik hozir avj olyapti. Yangi moliyaviy piramidalar paydo bo‘lyapti. Fuqarolarimiz qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar uchun jinoiy javobgarlik borligini bilib turib ham bu yo‘ldan qaytmayapti.
O‘zbekistonda firibgarlik so‘nggi 4 yilda 4 baravarga, (2018 yilda 6 483 ta, 2019 yilda, 6 321 ta, 2020 yilda 10 496 ta, 2021 yilda 24 554 ta), kiberfiribgarlik esa so‘nggi 3 yilda 8,3 baravarga ko‘payib, hozirda umumiy jinoyatchilikning qariyb 5 foiziga yetgan.
Biz aholimiz aldanib qolmasligi uchun kerakli ma’lumotni yetkazishimiz, oson daromad topish ilinjida tuzoqqa tushib qolmasligi choralarini ko‘rishimiz kerak», – dedi Davletov.
Adliya vaziri yaqinda davlat tomonidan litsenziyalangan va qonuniy ishlashiga ishonch bildirilgan xususiy klinika butun xalqni aldagani haqida eslatib o‘tdi.
«Davlat organlari hushyor bo‘lib, firibgarlik holatlari oldini olib borishi zarur. Yaqinda bitta xususiy klinika atrofidagi holatlarda, davlat bu klinikaga litsenziya bergan, qonuniy ishlashiga ishonch bildirgan, mana endi klinika butun xalqni aldagani ma’lum bo‘lyapti.
Jinoyatchilar javobgarlikka tortilib zararni to‘liq qoplamasdan biroz muddat ozodlikdan mahrum qilinib, yana ozodlikka chiqishi kuzatilishi mumkinki, bu ham aholida salbiy kayfiyatni paydo qilishi mumkin. Shuning uchun firibgarlik sodir etgan va zararni to‘liq to‘lamagani uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxslar, jazoni o‘tash davomida to‘liq zararni qoplamagan bo‘lsa shartli ozod qilinmasligini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi», – deydi u.
Shuningdek, Davletov so‘nggi vaqtlarda jamiyatda ko‘payayotgan samosud holatlari huquqiy ongga teskari ishlashini bildirdi.
«Samosud balki o‘sha zahoti kimningdir qonga to‘lgan ko‘zlarini yoki kuzatib turganlar instinktini va ehtiyojini qondirar, lekin uzoq istiqbolda erkin jamiyat qurishga katta to‘siq bo‘ladi va odamlarning adolatli va xavfsiz sharoitda yashashga ishonchini so‘ndiradi. Shuning uchun bu boradagi targ‘ibot-tashviqotni kuchaytirib, samosud holatlariga qarshi kurashishimiz lozim», – deydi vazir.

















