2017 yilgi Frankfurt avtosalonida elektromobillarning jur'atsizgina po‘rtanasi yakson qiluvchi sunamiga aylanib ketdi, deb yozadi Forbes.

Eng so‘nggi urfdagi trendlarga rioya qilgan holda avto ishlab chiqaruvchilar benzinli tarkibiy qismdan turli darajada voz kechilgan ko‘plab avtomobillarni taqdim etishdiki, azaliy xaridorlarga mo‘ljallangan bir necha ajoyib premeralar ularning shovqini orasida sezilmay ham qoldi.

Siyosat haqida ham unutmaslik kerak: Angela Merkel to‘rtinchi muddatiga saylandi, uning saylovoldi dasturida cho‘zilib ketgan «dizelgeyt» tufayli katta mablag‘lari va nufuzini yo‘qotgan avto ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi band ham bor edi. Mish-mishlarga ko‘ra, endi kansler dizelli dvigatellardan voz kechmoqchi, uning o‘rniga gibridlar va elektrokarlarga keng yo‘l ochiladi. Xususan, Germaniyaning bosh konserni Volkswagen 2030 yilga borib konsern tomonidan ishlab chiqarilgan har bir modelning elektr nusxasini taqdim etmoqchi, ularning soni esa 300dan oshiq. Bu yo‘lda 20 mlrd. yevro sarflanadi, bu VW «dizelgeyt»da yo‘qotganidan biroq ko‘proq summa.

Parijda kuzatilgan, Frankfurtda davom etgan yana bir tendensiya — avtosalonda tan olingan va yetakchi brendlarning ishtirok etishdan bosh tortishi bo‘ldi: pavilonlarda Nissan, Alfa Romeo, Rolls-Royce, Peugeot, Fiat, Infiniti, Jeep, Mitsubishi, Aston Martin, Volvo, Tesla, Chevrolet yetishmadi. Kimdir bir yil muqaddam bor narsasini Jyenevada namoyish qilib bo‘lgan, boshqasi Tokiodagi oktabr shousiga tayyorlanmoqda, Volvo yoki Rolls-Royce singari yana kimdirlar allaqachon iqtisod yuzasidan bunday keng qamrovli emas, torroq doiradagi tadbirlarga diqqatini jamlashini e'lon qilgan. Aftidan, bir necha brendlar mahalliy konsernlar bilan bahslashmaslikka qaror qilgan ko‘rinadi, axir nemis gigantlarining borar yeri yo‘q — o‘z uyida eng yaxshi o‘yinchilarning eng yaxshi tomonlarini namoyish etib berishlari shart.

BMW

10 ming kv.m yuzaga ega alohida pavilonni egallagan BMW darhol tashrifchilarni hayratlantirishga kirishib ketdi. Pavilonning turli zonalarga bo‘lingan markazida Bavariya giganti trek o‘rnatib, o‘nlab yangi mashinalarni harakatga keltirib turdi. Ularning ayrimlari haydovchisiz, o‘zlari yurib turdi! BMW ko‘rgazmasi «Kelajak allaqachon shu yerda» shiori ostida o‘tdi va Frankfurtning Messe’si tomi ostida to‘planganlarga ko‘plab innovatsiyalar va elektrokarlar haqida tushuntirish berib turishdan charchamadi.