Sport | 12:10 / 20.10.2017
13138
2 daqiqa o‘qiladi

FIFA futbolchilar tomonidan terma jamoani almashtirish jarayonini yengillashtirmoqchi

KONKAKAF rahbari Viktor Montalyani futbolchilar tomonidan sport fuqaroligini o‘zgartirish jarayonini yengillashtirishni taklif qildi, deb xabar bermoqda TASS.

Ayni paytda, FIFA futbolchilar tomonidan fuqarolikni o‘zgartirish va yangi milliy terma jamoada o‘ynash huquqi aks etgan reglamentni qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.

«So‘nggi yillarda bu borada ko‘plab muammolar yuzaga keldi, chunki dunyo o‘zgarmoqda, migratsiya ko‘paymoqda. Afrika, Osiyo, Markaziy va Shimoliy Amerikada yashovchi millatlarda yangi muammolar paydo bo‘lmoqda. 

Shu tufayli, bu masalaga boshqacha yondashib, uni hal qilish mumkin bo‘lgan jihatlarni o‘rganib chiqish payti yetib keldi. Albatta bunda futbolning yaxlitligi buzilmasligi lozim», - dedi Montalyani.

FIFA qoidalariga ko‘ra, futbolchi boshqa terma jamoa safiga o‘tishi uchun, uning o‘zi yoki ota-onasidan biri shu mamlakat hududida tug‘ilgan bo‘lishi yoxud futbolchi shu mamlakat hududida uzluksiz ravishda 5 yil istiqomat qilgan bo‘lishi shart. 

Bundan tashqari, futbolchi qaysidir terma jamoa safida xalqaro o‘yinlarda ishtirok etgan bo‘lsa, hatto ikki mamlakat fuqaroligiga ega bo‘lgan taqdirda ham, boshqa terma jamoaga o‘tishga haqqi yo‘q.

Mavzuga oid