Toshkent shahri atrofida yer usti halqa metro liniyasi qurilishi boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri atrofida yer usti halqa metro liniyasi qurilishi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Davlat rahbari tashabbusi bilan transport-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, yo‘lovchilarga zamonaviy transport xizmati ko‘rsatishni kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Aholining talab va ehtiyojlari, poytaxtning kelgusi rivojlanishi inobatga olinib, Toshkent shahrida yer usti xalqa metro liniyasini barpo etish bo‘yicha ishlar boshlandi.
Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro yo‘nalishining 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o‘tkaziladi, 1,6 kilometri yer ustida quriladi.
2017-2021 yillarga mo‘ljallangan loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining "Do‘stlik" bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan qismi quriladi. Uzunligi 11 kilometr bo‘lgan ushbu qismda sakkizta bekat bunyod etilishi mo‘ljallanmoqda.
Ikkinchi bosqich Qo‘yliq bozori bilan "Olmazor" bekatini bog‘laydi. Uchinchi bosqichda "Olmazor"dan "Beruniy" bekatigacha bo‘lgan qism barpo etiladi. Keyingi bosqichda inshoot "Beruniy"dan "Bodomzor" bekatigacha quriladi, so‘nggi bosqichda "Do‘stlik" bekatiga ulanadi.
Ayni paytda estakadalar uchun monolit usulda beton ustunlar quyish ishlari boshlandi. Qurilish “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasi bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Har tomonlama qulay, arzon va xavfsiz bo‘lgan mazkur transport tarmog‘i barpo etilishi poytaxtimiz uchun ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega, dedi Shavkat Mirziyoyev. Toshkent shahrida transportga bo‘lgan ehtiyojni ta'minlash, bu masalaga oqilona yechim topish doimiy e'tibordagi masalalardan. Mazkur loyihani amalga oshirishda aholi uchun qulay bo‘ladigan yechimlarga tayanildi. Natijada metroning boshqa yo‘nalishlari bilan oqilona bog‘lash orqali shahar transporti yuklamasini yengillashtirishga olib keladigan ushbu loyiha tanlandi.
Prezident aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi zamonaviy transport liniyasini 2020 yilgacha to‘liq foydalanishga topshirish bo‘yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.
Mavzuga oid
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024