O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga davlat tashrifi xorijiy ommaviy axborot vositalari e'tiborida bo‘ldi. Jurnalistlar va ekspertlarning fikricha, mazkur davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega va O‘zbekiston tashqi siyosatidagi prinsipial o‘zgarishlardan dalolat beradi. Davlat tashrifi davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, transport, logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilingani ta'kidlangan. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

TRT telekanali (trt.net.tr)ning xabar berishicha, Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Toshkent har tomonlama strategik ahamiyatga ega hamkor ekani, aholisi 32 million bo‘lgan O‘zbekiston tabiiy gaz zaxirasi bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinda, uran zaxirasi bo‘yicha to‘rtinchi, paxta yetishtirish bo‘yicha oltinchi va uning eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turishini ta'kidlagan. Shunga qaramasdan, ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar ko‘lami kutilgan darajada emas, 2016 yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollarni, joriy yilning sakkiz oyida esa 900 million dollarni tashkil qilgan. 

Turkiya prezidenti turkiy va islom sivilizatsiyasi ikki qadimiy o‘chog‘ining madaniy yaqinlashuvi katta ahamiyatga ega ekanini qayd etgan. Ikki davlat idoralari rahbarlariga o‘zaro hamkorlikni yuksak darajada rivojlantirish vazifasi topshirilgani, O‘zbekiston ham yaqinlashuv uchun xuddi shunday qat'iyat ko‘rsatayotganidan mamnun ekani, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy institutlarining samarali faoliyat yuritishiga ishonishini ta'kidlagan. 

Markaziy Osiyoning ca-news.org yangiliklar xizmati Turkiya Prezidentining davlat rahbarlari darajasidagi uchrashuvi 20 yillik tanaffusdan so‘ng tashkil etilgani, shu bois tashrif juda muhim ahamiyatga egaligi, delegatsiyalar o‘rtasidagi muzokaralardan avval Shavkat Mirziyoyev bilan tor doirada muloqot qilingani va u juda samarali bo‘lgani haqidagi so‘zlarni keltirgan. 

Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuvda muzokaralar o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida o‘tgani, imzolangan hujjatlar esa ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidladilar. 

"Milliyet" (milliyet.com.tr) nomli turk nashri O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, Anqara va Toshkent o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etgan.