1 noyabr oqshomida Yevropa chempionlar ligasining yana 4 guruhida 4-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Bu o‘yinlardan keyin yana ikki jamoa keyingi bosqich masalasini hal qildi, Angliyaning «Manchester Siti» va «Tottenhem» klublari bir kun oldin pley-offga muddatidan oldin chiqib bo‘lgan «PSJ» va «Bavariya» qatoriga qo‘shildi. «Tribuna» tur voqealarini sarhisob qiladi.

Ye guruhi
«Liverpul» birinchi, ammo yana penalti kasofati

«Liverpul» – «Maribor» – 3:0
Gollar: Saloh, 49. Emere Jan, 64. Starrij, 90.

«Qizillar» jamoasi o‘tgan turda 7:0 hisobidagi g‘alaba bilan rekord qayd etgan, uy uchrashuvida ham rekord qilishi mumkin edi. Ammo birinchi bo‘limda Yasmin Handanovich darvozasi tomon 13ta zarbadan keyin ham tabloda 0:0 hisobi porlab turgandi. Birinchi bo‘lim yakunlangani haqidagi hakam hushtagi chalinganida Yurgen Klopp shitob bilan tribunalar ostiga kirib ketdi. U kiyim almashtirish xonasida futbolchilarini g‘azab bilan kutib olganiga shubha yo‘q. Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilanoq Aleksandr-Arnoldning mahorati evaziga yuzaga kelgan vaziyatdan foydalangan Muhammad Saloh hisobni ochdi. 

Shundan keyin inglizlarda «penalti kasofati» davom etdi. APL jamoalari Chempiionlar ligasida shu vaqtgacha 4 marta penaltini golga aylantira olishmagandi. Beshinchi omadsiz Milner bo‘ldi. «Liverpul»ning penaltisti jamoa sardori Jordan Henderson edi. Ammo bu mavsumda istalgan futbolchi nuqtaga yaqinlashmoqda va xato qilmoqda. Angliya chempionatining oxirgi turida «Liverpul»ning «Haddersfild»ga qarshi o‘yinida Muhammad Saloh 11 metrdan gol ura olmagandi, undan oldinroq «Maribor»ga qarshi safar o‘yinida ham Firmino o‘z imkoniyatidan foydalana olmagan. Umuman, «Liverpul» oxirgi 4 penaltisini golga aylantira olmadi. Milner keyinroq xatosini tuzatib, Emre Janni golli pas bilan ta'minladi, Starrij o‘yinga nuqta qo‘yuvchi golni urdi - 3:0. 

«Sevilya»ning revanshi

«Sevilya» – «Spartak» – 2:1 (1:0)
Gollar: Langle, 30 – 1:0. Banega, 59 – 2:0. Ze Luish, 78 – 2:1.

«Sevilya» Moskavada bo‘lgani kabi 4-3-3 sxemasini qo‘lladi va «Spartak»ka qanotlardan ham, markazdan ham hujum qildi. Nolito va Sarabiya Yeshchenko va Kombarov juftligini doimiy bosim ostida ushlab turdi, ammo rossiyaliklar maydon markazidan qilingan hujumlarni qaytarib turishdi. Karrera esa Glushakovni oldinga chiqarib, tavakkal qildi. Moskvaliklar jamoasi sardori o‘z pozitsiyasini, tayanch yarim himoyasini tashlab keta boshladi. Sevilyada u «o‘nlik» sifatida o‘ynadi, uning o‘rnida Fernandu harakat qildi. Ammo braziliyalik bu futbolchi raqib jarima maydoniga yo‘llangan noaniq paslari bilan yodda qoldi.