Sport | 16:40 / 10.11.2017
10243
5 daqiqa o‘qiladi

Buffon bilan, ammo Ibrasiz. Italiya Shvetsiyaga qarshi

Jumadan shanbaga o‘tar kechasi dunyoning turli burchaklarida JCh-2018 yo‘llanmasi uchun yana 3 uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Yevropada bitta uchrashuv o‘tkazilsa, qolgan ikki uchrashuv qit'alararo pley-off uchrashuvlarini boshlab beradi.

Italiya – Shvetsiya (Toshkent vaqti bilan 11 noyabr, soat 00:45)
Yevro-2004 guruh bosqichidan so‘ng bu ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuvlar prinsipial ahamiyat kasb etib keladi. O‘shanda Shvetsiya va Daniya terma jamoalari so‘nggi turda ko‘pchilikning fikricha, kelishgan holda Italiyani umuman qanoatlantirmaydigan hisobda durang (2:2) o‘ynagan va Jovanni Trapattoni boshchiligidagi terma jamoa guruhda qolib ketgandi. O‘shandan buyon bu ikki raqib o‘zaro ikki uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, ikkalasida ham italiyaliklar 1:0 hisobida zafar quchishgan. Hozirda ham xuddi shunday natijalar ham Italiyaga yetarli bo‘lishi mumkin.

Ibrahimovich terma jamoadagi faoliyatini yakunlagandan so‘ng Shvetsiya unchalik xavfli ko‘rinmayapti. Jamoa ayniqsa mehmonda kechadigan uchrashuvlarni bo‘sh o‘tkazmoqda. Saralashning guruh bosqichida beshta safar uchrashuvini o‘tkazgan skandinaviyaliklar ularning uchtasi mag‘lub bo‘ldi va har safar o‘z darvozasidan bittadan ortiq to‘p o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keldi.

Shvetsiya o‘z guruhida faqatgina to‘plar nisbatidagi yaxshi ko‘rsatkich evaziga ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Italiya o‘z guruhida uchinchi o‘rindagi raqibini 10 ochkoga ortda qoldirib ketdi. Ispaniyaning o‘ta muvaffaqiyatli o‘yini va italyanlarning Makedoniya bilan o‘z uyidagi kutilmagan durangi jamoani to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmadan mahrum qildi, deyish mumkin.

Statistika ham Italiya terma jamoasining bu uchrashuvda favorit ekanini ko‘rsatmoqda. «Skuadra Adzurra» 1962 yildan buyon to‘xtovsiz ravishda jahon chempionatlarida ishtirok etib kelmoqda. Bungacha jamoa saralashda bir marta pley-offda o‘ynagan. 1998 yilgi mundialga jamoa pley-offda Rossiya terma jamoasidan ustun kelgan holda yo‘llanma olgandi.

Honduras – Avstraliya
Honduras term jamoasi uchun katta musobaqalarda ishtirok etishni katta bayram deyish mumkin. Markaziy Amerika mintaqasi vakili tarixida bunday bayramlar soni shu kunga qadar to‘rttani tashkil qilgan. 2001 yilda Honduras Amerika kubogida Braziliya va Urugvayni mag‘lub etib bronza medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1982, 2010 va 2014 yillarda JChda ishtirok etgan. Terma jamoa ketma-ket uchinchi marta bunday yo‘llanmaga ega chiqishi uchun avstraliyaliklardan ustun kelishi talab qilinadi. KONKAKAF mintaqasi saralashida ikkinchi davrani mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan hondurasliklar aqlbovar qilmas natijaga erisha olgandi — AQSh ortda qoldirildi.

Hondurasda tajribali Avstraliyani mag‘lub etish uchun imkoniyat yetarli. Sababi agar 37 yoshli Tim Keyhill bo‘lmaganda jamoa suriyaliklarni ham yenga olmasligi mumkin edi.

Yangi Zelandiya – Peru
Peru misolida ko‘rishimiz mumkinki, mundial yo‘llanmasi uchun kurashishda tarkibda yulduzlar bo‘lishi shart emas, shunchaki kerak vaqtda, kerakli ochkolarni jamg‘arish va barqaror o‘yin ko‘rsatish talab qilinadi. Chili terma jamoasiga ikki uchrashuvda ham yutqazganiga qaramasdan peruliklar Amerika kubogining amaldagi sohibidan ko‘ra, turnir jadvalida yuqoriroq joylashishning uddasidan chiqishdi. 6 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya natijasida «inklar» 1982 yildan so‘ng ilk marta dunyoning eng kuchli terma jamoalari safida mundialda ishtirok etish uchun juda yaqin turibdi.

Ammo vazifa hali uddalanmagan. Buning uchun jamoa Okeaniya vakili Yangi Zelandiya to‘sig‘idan o‘tishi kerak bo‘ladi. Janubiy Amerika mintaqasidagi dahshatli «tegirmon» saralash bosqichidan so‘ng zelandiyaliklarga qarshi uchrashuv jamoa uchun oson ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu bir qarashda ko‘ringan jihat. Maydonda esa har narsa bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid