Klublar futboli ishqibozlari yengil tin olsalar bo‘ladi, endi to mart oyigacha terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus bo‘lmaydi. Milliy chempionatlar o‘zining qizg‘in nuqtasiga kirib bormoqda va shu bir yarim oy mobaynida ligalarda chempionlik yoki yuqori o‘rinlar uchun kurashuvchi jamoalarga oydinlik kiritiladi.

Bu haftaning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, kuchli beshlik o‘zining poytaxt derbilarini taqdim etmoqda. Rimda, Londonda va Madridda shaharning ikki kuchli jamoalari orani ochiq qiladi. Albatta, boshqa qiziqarli o‘yinlar ham yetarli. «Tribuna.uz» an'anaviy tarzda turning eng qiziqarli o‘yinlarini anons qiladi. 

ARSeNAL – TOTTeNHEM (18 noyabr, 17:30)

Derbilar haftasini London ochib beradi. Angliyaning eng ashaddiy raqiblaridan biri bo‘lgan bu ikki jamoa orani ochiq qilishlari kutilmoqda.

«Tottenhem»dagi progressga qoyil qolish kerak. O‘tgan yili APL tarixida ilk marotaba qo‘shnilaridan turnir jadvalida yuqori o‘rinni egallagan Pochettino jamoasi kutilayotgan ushbu derbida favorit sifatida qayd etilmoqda. Jamoa yetakchi futbolchilari Harri Keyn va Dele Alli, shuningdek, markaziy yarim himoyachi Harri Uinks «jarohatlar» tufayli terma jamoa o‘yinlarida ishtirok etmadi. Qizig‘i, yig‘inlar tugashi hamono, ular umumiy mashg‘ulotlarda qatnashganliklari va derbiga tayyor ekanliklari haqida xabarlar tarqaldi. Balki Mourinoning shubhalarida asos bordir?

Jamoalarni 4 ochko farq ajratib turibdi, shu bilan birga, Venger ham, Pochettino ham o‘zlarining so‘nggi top o‘yinlarini boy berganliklarini e'tirof etish joiz. Manchester klublari ularni xafa qilishgandi. Shu o‘rinda «Arsenal»ning hali o‘z maydonida ochko yo‘qotmaganini ham ta'kidlash joiz.

 

BAYYeR – RB LeYPTsIG (18 noyabr, 19:30)

«Borussiya»ning omadsiz oktabridan foydalangan «Leyptsig» ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ayni shu vaqtda «Bayyer»ning ularga juda mos raqib bo‘la olishlarini so‘nggi uchrashuvlardan sezish mumkin.

«Bayyer» Bundesligadagi dastlabki 4 o‘yinda g‘alaba qozona olmagandi. Ammo keyinchalik vaziyat o‘nglandi, jamoa keyingi 7 o‘yinda umuman mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Jamoa hali ham turnir ijadvali o‘rtalarida borayotgan bo‘lsa-da, mana shu ijobiy seriya tufayli, peshqadamlarga yaqinlashib oldi. Jumladan, agar bu o‘yinda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, «Bayyer» raqibidan atigi 3 ochkolik masofada qoladi xolos.