Kichik tanaffusdan so‘ng yana klublar futboli qaytdi. Tabiiyki, har doimgidek, bu dam olish kunlari ham muxlislarni bir qator qiziqarli to‘qnashuvlar kutmoqda. Habi Alonso boshqaruvidagi «Real» Ispaniyada dastlabki jiddiy sinovga duch kelsa, Italiyada navbatdagi «klasiko», Angliyada Manchester derbisi. Albatta, boshqa uchrashuvlar ham nazardan chetda qolmasligi kerak, zero kelasi hafta boshlanadigan Chempionlar Ligasi oldidan top-klublar so‘nggi repetitsiyani amalga oshiradi. Quyida eng e’tiborli besh o‘yin haqida batafsil.

«ReAL SOSIYeDAD»«ReAL» MADRID (13 sentabr, 19:15)

La Ligada faqat ikki jamoa uch turdan so‘ng 100 foizlik natijani qayd etgan va ulardan biri Madridning «Real» klubidir. Jamoa mavsumni og‘ir boshlagan bo‘lsa-da, hozirgacha ochko yo‘qotmadi. To‘g‘ri, taqvim ham «Real» uchun ancha qulay kelgani, hozircha yagona safar o‘yini ham liga debyutanti «Oviyedo»ga qarshi kechganini ta’kidlash kerak. Aytish mumkinki, Habi Alonsoning Ispaniyadagi ilk jiddiy sinovi Sosiyedadda bo‘ladi va qizig‘i, Alonsoning o‘zi futbolchi sifatida faoliyatini aynan mana shu klubda boshlagan hamda jamoa safida yuzdan ortiq uchrashuvda ishtirok etgan. Qaysidir ma’noda bu uchrashuvni Habining o‘z uyiga qaytishi deb ham ayta olamiz.

Jiddiy sinov deyilganining sababi, «Estadio Munisipal de Anoeta» – grand klublar uchun doim qiyin stadion bo‘lib kelgan. Madridliklar bu yerda oxirgi ikki o‘yinni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan bo‘lsa-da, minimal hisob qayd etilgan, hech qachon oson bo‘lmagan. Shuningdek, muxlislar jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi Ispaniya kubogi yarimfinalini ham yaxshi eslasa kerak. O‘z maydonida 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan basklar Madridda shou uyushtirishgan – qo‘shimcha bo‘limlarning oxirida Ryudiger urgan golgina hisobni (4:4) tenglashtirib, mezbonlarni finalga olib chiqqandi. Xullas, «Sosiyedad» top-raqiblarga qarshi qanday o‘ynashni yaxshi biladi.

Buning ustiga an’anaviy ravishda terma jamoalar bilan bog‘liq yig‘inlardan keyingi tur yetakchi klublarga noqulaylik tug‘dirishi ma’lum. Chunki o‘rtamiyona jamoalarda turli terma jamoa a’zolari nisbatan kamroq bo‘ladi va navbatdagi o‘yinga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rish mumkin. «Real» esa deyarli hamma futbolchisini terma jamoalar ixtiyoriga jo‘natgandi. Yaxshiki, jamoaning sobiq ustozi Karlo Anchelotti «Real»ga yana bir kichik yaxshilik qildi – birorta sobiq shogirdini Braziliya yig‘iniga chaqirmadi. Shuningdek, bu uchrashuvdan uch kun o‘tib «Real» Chempionlar Ligasi doirasidagi ilk o‘yinini «Marsel»ga qarshi o‘tkazishini ham eslatib o‘tish kerak.