KUN.UZ tahririyatiga Navoiy viloyati Nurota tumani Qizilcha MFY fuqarosi Qurbonov Davron murojaat qildi. 1938 yilda tug‘ilgan otaxon Qizilcha qishlog‘idagi mavjud muammolarni sanab ketdi. Xususan, bir necha yillardan beri 5 500 kishi istiqomat qiladigan aholining ichimlik suvi muammosi hal etilmay kelayotgani va boshqa qator masalalar borligi haqida so‘zladi. Qurbonovning aytishicha, u MFY nomidan tuman va viloyat hokimliklariga, virtual va xalq qabulxonalariga murojaat qilgan bo‘lsa-da, so‘nggi ijro etuvchi tuman hokimligi bo‘lganligi sababli iste'molga yaroqsiz ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo hal etilmayotganini ta'kidladi.

Navoiy viloyati Nurota tumani

Shu munosabat bilan tahririyat maxsus muxbirlari jurnalistik surishtiruv o‘tkazish maqsadida Nurota tumaniga otlandi.

Aytish joizki, Nurota tumani Navoiy viloyatining tog‘li-cho‘lli hududida joylashgan. Aholining aksar qismi, biz borgan Qizilcha qishlog‘i va uning atrofidagi boshqa aholi punktlarida yashovchilar, asosan, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Tog‘ va cho‘l zonasi bo‘lgani sababli ayrim aholi punktlarining oralig‘i 20-25 km, undan ham ortiq masofani tashkil etadi.

Nurota tumanidagi Qizilcha qishlog‘i

Dastavval vaziyatni o‘rganishni Qizilcha qishlog‘idagi ko‘chma bozor faoliyati bilan tanishishdan boshladik. Ammo uni biz “bozor” deyishga tilimiz bormadi. Ma'lum bo‘lishicha, bu yerda haftaning har dushanba kuni tevarak-atrofdan kelgan tadbirkorlar 4-5 soatga savdo qilishar ekan. Aholi o‘zlarining oziq-ovqatga bo‘lgan bir haftalik ehtiyojini shu vaqt oralig‘ida sotib olish bilan qanoatlantiradi.

Qizilcha MFYda yashovchi Davron Qurbonov

Bu mahallada 5 ming 500 dan ortiq fuqaro istiqomat qilishiga qaramay, qishloqdagi iqtisodiy vaziyat ancha og‘irligini “bozor”ning ahvolidan ham bilsa bo‘ladi. Qayd etish o‘rinliki, bozorda birorta ham savdo rastasini ko‘rmadik. Buning sababini surishtirganimizda, aslida bu yerda bozor tashkil etilmagan. Ammo uzoq yillardan beri savdogarlar va qishloq fuqarolari tashabbusi bilan haftaning dushanba kuni bir necha soatga shu kabi yirik savdo tashkil etiladi. Ko‘pchilik fursatdan foydalanib, shu kuni haftalik ehtiyojlari uchun oziq-ovqat yoki boshqa mahsulotlarni xarid qiladi. Axir, eng yaqin bozor joylashgan Nurota tumani markaziga borish uchun ham 60 kilometrga yaqin masofaga borib kelish talab etiladi.