Rossiyaning «Tosno» klubi yarimhimoyachisi Vagiz Galiulin Rossiyaning «Sovetskiy Sport» nashriga intervyu berdi.

O‘zbekiston terma jamoasiga nomzod bo‘lgan futbolchi suhbat davomida O‘zbekiston terma jamoasining muvaffaqiyatsizligi, terma jamoaga nega chaqirilmagani va boshqalar haqida gapirib berdi.

«O‘zbekiston JCh-2018ga chiqishiga ishongandim»
– Terma jamoalar o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun tanaffus bo‘ldi. Siz 2012 yildan buyon O‘zbekiston terma jamoasiga chaqirilmaysiz. Yana taklif qilishlari mumkin degan umidingiz bormi?
– O‘zbekistonlik jurnalistlar hamon bu borada menga savol berib kelishadi. Men har doim terma jamoadan taklif kutganman. Terma jamoada men uchun noxush holatlar bo‘lgandi va shu sababdan meni shuncha vaqtdan buyon chaqirmay qo‘yishgandi. Hozir o‘sha odamlar yo‘q va men chaqiruvni kutmoqdaman. Ko‘ramiz qanday bo‘larkin? Agar terma jamoaga mos harakat qilsam – o‘ylaymanki, meni taklif qilishadi.

– Noxush holatlar deganda nimani nazarda tutdingiz?
–  Bu haqida gapira olmayman. O‘sha holatni ommaga ma'lum qilishim to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman.

– Hozir sizni taklif qilishlariga hech qanday to‘siq yo‘qmi?
– Ha, ammo terma jamoa jahon chempionatiga chiqa olmagani uchun u yerda barchasi o‘zgardi. Yangi odamlar kelishdi, ularning oldiga yangi vazifalar qo‘yiladi. Hozir vaqtinchalik murabbiy tayinlashgan, keyin yangisini tayinlashadi. Hozircha terma jamoa oldiga qanday vazifa qo‘yilgani aniq emas. Natijalarni kuzatamiz va kutamiz.

– Terma jamoangizni kuzatib borish siz uchun qiziqmi?
– Albatta. Men barcha o‘yinlarni ko‘rib boraman, u yerda do‘stlarim to‘p surishadi. Jahon chempionatiga chiqish uchun shunday imkoniyatni boy berganimiz juda alamli bo‘ldi. Bitta gol yetishmadi.

– Qaysidir vaqtda terma jamoangizning Rossiyadagi mundialga yo‘l olishiga ishonganmidingiz?
– Ha, 90 foizga ishonchim komil edi. Xitoyga kutilmaganda 0:1 hisobida yutqazib qo‘yishdi va bu turnir jadvalidagi holatni butunlay o‘zgartirib yubordi. Uyda Janubiy Koreyani hech bo‘lmasa 1:0 hisobida yutish kerak edi. Bilaman, O‘zbekiston xitoyliklardan ancha kuchli, ammo ular ko‘p vaziyatlardan foydalana olishmadi va yakunda gol o‘tkazib yuborildi. Janubiy koreyaliklar bizga nisbatan kuchliroq, ammo ularni yutishimiz shart bo‘lib qolgandi, o‘yinda durang qayd etildi va biz mundialdan quruq qoldik.