Autentifikatsiya algoritmidagi nuqsonli joy tufayli Ispaniya aholisiga tegişli 60 milliondan ortiq elektron pasportlar buzib kiriş tahdidi ostida qoldi. Faqatgina elektron ID kartalardan mamlakat aholisining juda kam qismi foydalanişigina raqamli tartibsizlikdan asrab qola oladi.

Xuddi şunday vaziyat yaqinda Estoniyada ham röy bergan edi — mamlakat hukumati nemislarning Infineon Technologies kompaniyasi tomonidan işlab çiqarilgan mikroçiplardagi ojiz nuqtani bartaraf etiş uçun 2014 yildan 2017 yilgaça aholining teng yarmiga berilgan elektron şaxsni tasdiqlovçi hujjatlarni bloklaşga majbur bölgan edi. Algoritmdagi ROCA deb nomlangan tuynuk maxfiy kalitni osongina tanlaş imkonini bergan.

Endi esa şu muammoga Ispaniya duç kelib ötiribdi — faqatgina ulkanroq miqyosda: Estoniyadagidek 760 ming karta örniga bu yerda 60 milliontasi almaştirib berilişi kerak. Ispanlar 2015 yildan beri berilgan jamiki sertifikatlarni çaqirib olgan, raqamli hujjatlardan öziga xizmat körsatiş terminllarida foydalanişni töxtatgan. Bloklaş oqibatlari mamlakat aholisiga u qadar katta ta'sir ötkazmasligi kerak, çunki ispanlar estonlardan farqli ölaroq kamroq «raqamlaşgan», ikki yilça avval ötkazilgan sörovlarga köra, ularning hukumat raqamli servislarining bor-yöği 0,02 foizidan foydalanişini tan olişgan.

ZDNet’ning yozişiça, nima bölganda ham bu holat mamlakatda raqamli alğov-dalğovlik keltirib çiqarişi mumkin. Xataka saytining yozişiça, «na politsiya, na hukumatning boşqa tuzilmalari fuqarolarga nuqsonning ehtimolli oqibatlari yoki zarar yetkazilganda qanday xatti-harakat qiliş borasida ma'lumot bermayapti».

ROCA nuqsonini aniqlagan Enigma Bridge’ning rahbari Den Svrçekning aytişiça, Ispaniyada muhim hujjatlarni imzolaşda vaqtga doir qayd belgilanmasligi tufayli hakerlar fuqarolar tomonidan imzolangan şartnomalarni bekor qilişi yoki qonuniyligini yöqqa çiqariş imkonini berişi mumkin. Bu ommaviy buzilişlarga olib kelişi noaniq bölsa-da, Svrçekning qayd etişiça bunday hujumlar bahosi sönggi paytlarda 20–40 ming dollardan 2 ming dollargaça pasaygan.

 

Yaqinda mutaxassislar Wi-Fi’ning WPA2 şifrlaş protokolida ojiz böğinni topişgan edi. Bundan foydalangan hakerlar kredit kartalar raqami, parollar, fotosuratlar va boşqa maxfiy ma'lumotlarni qölga kirita olişgan. Öşanda barça marşrutizatorlar, smartfonlar va şaxsiy kompyuterlar tahdid ostida qolgan edi.