Jamiyat | 08:43 / 22.11.2017
4906
2 daqiqa o‘qiladi

Uber 57 mln mijozi haqidagi ma'lumotlar o‘g‘irlanganini bir yildan ko‘proq sir saqlagan

Uber taksi xizmati o‘zining 57 mln mijozi va haydovchilari haqidagi ma'lumotlarning xakerlar tomondan o‘g‘irlanganini bir yildan ko‘proq sir saqlagan. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda

2016 yil oktabrda xizmatning butun dunyo bo‘ylab 50 mln foydalanuvchisi va 7 mln haydovchisining ismlari, elektron pochtalari manzillari va telefon raqamlari haqidagi ma'lumotlar xakerlar qo‘liga tushgan. Shuningdek, 600 mingga yaqin haydovchilik guvohnomasi raqamlari o‘g‘irlangan. Ta'kidlanishicha, xakerlar kredit kartalari va safarlar, ijtimoiy sug‘urta kartalari raqamlari haqidagi ma'lumotlarni qo‘lga kiritmaganlar.

Uber’ning sobiq rahbari Trevis Kalanik ma'lumotlar o‘g‘irlanganini voqeadan bir oy o‘tibgina bilgan. U bu haqda foydalanuvchilar va mutasaddi idoralarni xabardor qilish o‘rniga xakerlarga ma'lumotlar o‘g‘irlangani sir saqlanishi va ular oshkor qilinmasligi uchun 100 ming dollar to‘lab bergan.

Kompaniya bu qaror qabul qilinishiga javobgarlikni xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Jo Sallivanning zimmasiga yuklamoqda. Bir oy avval Uber Sallivanning faoliyatini audit qilishga buyurtma bergan. Auditni o‘tkazgan yuridik firma xakerlik hujumi bo‘lgani va buning mijozlardan sir saqlanganini tasdiqlagan. Kompaniyaning yangi rahbari Dara Xusrovshaxi Sallivandan iste'foga ketishni so‘ragan va muammo bilan bevosita shug‘ullangan yetakchi huquqshunos Kreyg Klarkni o‘z lavozimidan bo‘shatib yuborgan.

“Bu yuz bermasligi kerak edi va men buni oqlay olmayman”, deb izoh bergan vaziyatga Xusrovshaxi. Uning ta'kidlashicha, shu munosabat bilan kompaniya biznesni yuritish taktikasini o‘zgartiradi.

2016 yil boshida Uber 2014 yildagi xakerlik hujumi haqida o‘z vaqtida ma'lum qilmagani uchun 20 ming dollarga jarimaga tortilgandi.

Mavzuga oid