Amerikaning Uber Technologies Inc. kompaniyasi (AQŞning eng yirik kompaniyalari reytingida 52-örinda) Yevropa sudida jiddiy mağlubiyatga yöliqdi. Gap şundaki, 2014 yilda barselonalik taksiçilar Uber'ni transport xizmatlarini körsatişda litsenziyasiz işlaşda ayblab, uni sudga berişgandi. Yevropa sudi (European Court of Justice) ispaniyalik taksiçilarning arizasini körib çiqib, Uber'ni texnologik servis emas, transport kompaniyasi deb tan oldi. Bu haqida Bloomberg agentligi ma'lum qildi.
Lyuksemburgdagi Yevropa sudi Uber Technologies Inc'ning Yevropada ilova emas, taksi kompaniyasi sifatida röyxatdan ötişi kerak degan qarorga keldi. "Uber tomonidan taqdim etilayotgan odamlarning noprofessional haydovçilar bilan aloqa qilişiga yönaltirilgan servis transport sohasidagi xizmatlarga kiradi. YeI mamlakatlari uşbu xizmatlar faoliyatini tartibga soliş huquqiga ega", - deya ta'kidlanadi sud saytiga joylaştirilgan qarorda.
Yevropa sudining mazkur qarori qayta körib çiqilmaydi. U YeIning 28 mamlakatida qöllanadi va Uber biznesini qiyinlaştiriş, soliqlarni oşiriş va haydovçilarga bölgan talablarni özgartirişga olib keladi.
Uber sudda özini raqamli biznes yuritişi, yölovçilarning mustaqil haydovçilar bilan aloqasini ta'minlovçi texnologik platforma ekanini isbotlaşga uringan.












