1989 yilning 21 oktabr. Yana oz muddatdan so‘ng, «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinganiga naq 30 yil to‘ladi. Qonun madaniy meros, o‘zligimizni anglash, milliy ong mustaqilligiga erishish yo‘lida islohotlarga xizmat qilishi lozim edi. Uning qoidalari bosh qomus - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yildi. Ammo, shu o‘tgan davr ichida ushbu qonun davlat va jamiyat boshqaruvining barcha sohalarida o‘zbek tilida ish yuritish hamda o‘zbek hujjatchiligini takomillashtirishga katta imkoniyat yaratib berdimi?
Afsuski, javobning qoniqarsiz ekanligi barchani ranjitadi. Negaki, davlat rahbari ham bu mavzuga murojaat qilarkan, demak, masala biz o‘ylagandan ham ko‘p og‘riqli. Avval, Shavkat Mirziyoyev nutqida O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilarga qarata aytgan so‘zlariga e'tibor qilamiz:
«Elchi kim? Bu so‘z elning, xalqning vakili, mamlakatlarni bir-biriga bog‘lab turadigan insondir. Ma'lumki, bizning mamlakatimiz davlatchiligi bir necha ming yillik boy tarix va madaniyatga ega. Diplomatik munosabatlarimiz ham eng qadimgi davrga borib, taqaladi. Diplomatiya, diplomatlik oddiy kasb emas, vaholanki, bu kishidan juda ko‘p fazilatlarni talab qiluvchi noyob san'atdir.
Elchi o‘zbek xalqining boy tarixi, qadriyati va madaniyatini, vatandoshlarining dard-u, tashvishlarini yaqindan bilmasa, ularni yuragidan o‘tkazmasa, qanday qilib O‘zbekistonni dunyoga tanitishi mumkin? Agar u A.Navoiy, A.Oripov, E.Vohidovdan ikki qatra she'r aytolmasa, ona tilimizni mukammal bilmasa, qanday qilib haqiqiy elchi bo‘la oladi? Elchi bo‘ldingmi, millatimizni tilini mukammal bilmasang, bu lavozimda ishlashga haqing yo‘q».
Prezident shu o‘rinda O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Vitaliy Fenga alohida tashakkurini bildirdi. Gap shundaki, Vitaliy Vasilevich mahorat bilan belgilangan vazifalarni uddalashdan tashqari, davlat tilini hurmat qilgan holda, sof o‘zbek tilida ravon so‘zlashadi.
Haqiqatan, mantiqsizlik: o‘zbek tili, madaniyati, tarixini bilmagan elchi xorijda O‘zbekiston haqida qanday gapirib beradi, vatandoshlarga xizmat qiladimi?
Savollar endi dovulday yog‘ilib kelaveradi: qachon o‘zbek tilida gapirishni o‘rganamiz? Qachon «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun amalda ishlaydi? Nega davlat tili rivoji uchun aytilgan har qanday minimal himoya, xorijiy tildan boshqasida so‘zlashishni bilmaganlarga qilingan maksimal tajovuzdek sanaladi?
Davlat Statistika qo‘mitasi e'lon qilgan raqamlarga ko‘ra, umumiy aholining














