Google tadqiqotchilari qanday yo‘l tutilsa, jamoa faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishning uddasidan chiqilishini o‘rganishga qaror qilishdi. Ular shu yo‘nalishda o‘nlab jamoalar ishini tahlil qilib chiqishdi hamda yuzlab rahbar va xodimlar bilan suhbatlashishdi. Oxir-oqibat jamoa samaradorligi uchun asosiysi — psixologik xavfsizlik, degan qarorga kelishdi.
Psixologik xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan jamoada ishtirokchilar tavakkal qilishdan qo‘rqishmaydi. Ular o‘z xatosini tan olgani uchun hech kim kamsitmasligi va jazolamasligini yaxshi bilishadi.
Jamoada ishonch bo‘lishi kerak. Biroq ishonchli muhitni yaratish oson ish emas: har bir xodim o‘z nuqtai nazari va o‘z ishlash uslubi bilan farqlanadi. Jamoada ishonchli munosabatlarni o‘rnatishga yordam beruvchi bir necha strategiya inc.com'da taqdim etildi.
Boshqalarni tinglang
Jamoada ishonch o‘rnatish uchun boshqalarning o‘y-xayollari va his-tuyg‘ulariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish kerak. Shuning uchun doim hamkasblaringizni tinglashga harakat qiling. Savollar bering va javoblarini diqqat bilan tinglang. Hukm chiqarishga shoshilmang. Siz shu tariqa jamoaning har bir a'zosining kuchli va zaif tomonlarini aniqlab olasiz. Shu bilan birga, siz uchun ularning fikri muhimligini ko‘rsatasiz.
Xayrixoh bo‘ling
Hamkasblaringiz va ularning nuqtai nazarini tushunishga harakat qiling, o‘zingizni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Ko‘pincha ular biror muammosi bilan bo‘lishganida o‘zimizcha "Hechqisi yo‘q. Men ham avvallari bunga duch kelganman", deb qo‘yamiz. Hamkasblaringizning his-tuyg‘ulariga bunday loqayd bo‘lmang. O‘zingiz stressga yo‘liqqan yoki biror vazifani uddalay olmagan vaziyatni eslab ko‘ring va xayrixohlik bildiring.
Samimiy bo‘ling
Hamma samimiy, o‘zligini namoyon etishdan uyalmaydigan insonlar sari intiladi. Bu doim o‘z fikrlari va tashvishlari bilan bo‘lishish kerakligini bildirmaydi. Shunchaki haqiqatda dilingizdagi tilingizda bo‘lsin va doim o‘z tamoyillaringizga sodiq qoling.
Ibrat ko‘rsating
So‘zlar xatti-harakatlar bilan mustahkamlanishi kerak. Ishonch va rostgo‘ylik haqida ko‘p gapirishingiz mumkin, lekin hamkasblaringizga baqirib, ularning fikrini hurmat qilmas ekansiz, so‘zlaringizning zarracha qadri bo‘lmaydi.

















