O‘zbekiston | 16:46 / 02.02.2018
20052
3 daqiqa o‘qiladi

Qizilmiya plantatsiyasini tashkil etganlarga imtiyozlar beriladi

Foto: prosad.ru

Vazirlar Mahkamasining 27.01.2018 yildagi 63-son qarori bilan qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etuvchi, shuningdek, qizilmiya ildizini qayta ishlovchi va tayyor mahsulot chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga imtiyozlar joriy etildi. 

Norma.uz’ning yozishicha, 2024 yil 1 yanvargacha ularga quyidagi ko‘rinishda imtiyozlar taqdim etiladi:

1 – quyidagi to‘lovlardan ozod etish:

• yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, yagona soliq to‘lovi, yagona yer solig‘i, shuningdek, Moliya vazirligi huzuridagi Ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalardan;
• o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun xorijdan keltiriladigan texnologik uskunalar, maxsus qishloq xo‘jaligi texnikalari, ularning tarkibiy va ehtiyot qismlari, xom ashyolar, materiallar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari hamda qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar urug‘lari va ko‘chatlari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari).

2 –plantatsiyalar tashkil etish uchun zarur ko‘chatlar (urug‘, qalamchalar)ni tayyorlash (yig‘ish) uchun ruxsatnoma olish uchun to‘lovlarni kechiktirish.

Ma'lumot uchun: o‘simlik dunyosi obektlarini g‘amlash (to‘plash)ga ruxsatnoma berish uchun tabiatdan foydalanuvchilar- yuridik shaxslardan har gal  EKIHning 0,1 koeffitsiyenti miqdorida yig‘im undiriladi. Bunda plantatsiyalar tashkil etish maqsadida ekish materiallari (urug‘lar, qalamchalar) uchun belgilangan to‘lovlarning 90%i miqdorida to‘lov amalga oshiriladi (O‘simlik dunyosi obektlaridan foydalanish va o‘simlik dunyosi obektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida nizomning 10, 40-bandlari).

E'tiborli jihati shundaki, ushbu hujjat bilan qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasi tashkil etildi. Biroq, mazkur uyushmaga a'zo bo‘lish yuqorida ko‘rsatilgan imtiyozlarni qo‘llash uchun shart hisoblanmaydi.

Bundan tashqari, banklar qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha sanoat plantatsiyalarini tashkil etuvchi tadbirkorlik sub'yektlariga MBning qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan stavkalarda, 4 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar beradi.

Ushbu hujjat 1.02.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid