2018 yil 26 fevral kuni Jyenevada Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligini nishonlash doirasida tashkil etilgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 37-sessiyasi ish boshladi.

Inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilishning dolzarb masalalari muhokama qilinayotgan sessiyaning oliy darajadagi Segmentida 180 dan ziyod mamlakatdan 3 mingdan ortiq vakil, jumladan, davlat va hukumat, vazirliklar, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Yig‘ilishning ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Zeyd Raad al Husayn va BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasi raisi Miroslav Laychak so‘zga chiqishib, butun dunyoda inson huquqlariga rioya qilish va ushbu sohada hamkorlikni rivojlantirish zarurligini qayd etishdi.

Adliya vazirligi Axborot xizmatining ma'lum qilishicha, ushbu tadbirda O‘zbekiston nomidan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning Jyenevadagi doimiy vakolatxonasi xodimlari ishtirok etmoqda.

Oliy darajadagi Segmentda ishtirok etar ekan, Adliya vaziri R.Davletov tadbir ishtirokchilarini O‘zbekistonda fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistonning ushbu sohada BMT bilan hamkorligining joriy holati va istiqbollari, shuningdek, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi bilan tanishtirdi. Xususan, xalqaro auditoriyaga O‘zbekistonning xalq bilan muloqotni rivojlantirish, mamlakatimizning turli burchaklarida faoliyat yurituvchi Xalq qabulxonalari orqali ularning shikoyat va murojaatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, joylarda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni kompleks ravishda hal etish bo‘yicha o‘ziga xos tajribasi yetkazildi.

Foto: Adliya vazirligi 

Jinoyatchilikka qarshi kurashishning butunlay yangicha, eng avvalo, jinoyatchilikning oldini olish va uni erta aniqlashga yo‘naltirilgan tizimini joriy etish masalasi alohida ta'kidlandi. Sud-huquq sohasi va jinoyatni fosh etish tizimidagi islohotlar, xususan, Sudyalar oliy kengashining ta'sis etilgani, yangi iqtisodiy va ma'muriy sudlarning tuzilgani, yurtimizda ilk bor joriy etilgan fuqarolarni afv etish, jinoyatchilikda noqonuniy dalil turlarini qabul qilish, ayniqsa jismoniy kuch ishlatish va boshqa zo‘ravonlik turlarini qo‘llashga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablarning amalga oshirilishiga doir dastlabki natijalar taqdim etildi.