Light | 12:59 / 05.03.2018
16279
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi tadqiqot: Diabet 5 turga ajratildi

Foto: Illyustrativ foto

Shvetsiya diabetni o‘rganish markazi va Finlyandiya molekulyar tibbiyot instituti tadqiqotchilari diabet tashxisi qo‘yilgan 8980 nafar bemorni tekshiruvdan o‘tkazishdi. Oxir-oqibat barcha bemorlar kasallik xususiyati va asoratlari ehtimoliga ko‘ra besh guruhga ajratildi. Lancet Diabetes and Endocrinology shu haqidagi ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

Barcha bemorlarda tana massasi indeksi, insulin ishlab chiqaruvchi hujayralar faolligi, insulinga ta'sirchanlik, glikilir gemoglobin konsentratsiyasi va glutamat dekarboksilazga antijismlarning bor yoki yo‘qligi hisoblab chiqildi.

1-guruh: og‘ir autoimmun diabet. Yoshlikdan boshlanadi.

2-guruh: autoimmun tabiatga ega bo‘lmagan og‘ir insulin tanqisligi. Kasallik yoshlikda boshlanadi, biroq bemorlarda ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi. Bunday holatda kasallikning asosiy sababi - oshqozon osti bezidagi beta-hujayralar faoliyatining buzilishi tufayli insulin tanqisligi hisoblanadi. Bu guruhda ko‘rish qobiliyati bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelish xavfi yuqori.

3-guruh: og‘ir insulinga chidamli diabet, semizlik va insulinga jiddiy chidamlilik bilan xarakterlanadi. Bu guruhdagi odamlarda buyraklar kasalligi xavfi yuqori bo‘ladi.

4-guruh: semizlik bilan bog‘liq, lekin uchinchi guruhga nisbatan yengil shakldagi me'yoriy diabet.

5-guruh: yengil "yoshga bog‘liq" diabet. Bu bemorlar qolgan guruhlardan ancha katta yoshda bo‘lib, ularning belgilari nisbatan yengilroq kechadi.

Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, shu paytgacha "2-turdagi diabetda niqoblangan" ikkinchi va uchinchi guruhlar diabetning eng og‘ir shaklini namoyon etadi. Shvetsiya va Finlyandiyadagi umumiy hisobda 5795 nafar bemorda o‘tkazilgan takroriy tahlillar xulosalarni tasdiqladi.

Shunday ekan, samarali davolash muolajalari uchun diabet turlari diagnostikasini takomillashtirish zarur.

Tadqiqotchilar diabetning bir shakli boshqasiga o‘tishi mumkinligi ehtimoldan xoli emasligini aytishmoqda. Ular masala bundan keyingi izlanishlarni talab qiladi, deya ta'kidlashmoqda, zero aslida diabet turlari biz o‘ylagandan-da ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid