«Tribuna» Ispaniya chempionatining 27-turidagi asosiy voqealarni keltiradi.

«Atletiko» kurashdan chiqdi

Barchasi Simeone shogirdlarining o‘z qo‘lida edi. «Barselona»ning ketma-ket duranglaridan keyin «Atletiko» 11 ochkolik farqni 5 ochkogacha qisqartira olgandi. Jamoalarning o‘zaro uchrashuvida o‘rtaga chempionlik masalasi tikilgandi. Lekin jamoaning oxirgi o‘yinlarida «quturgan» Grizmann ham, Diyego Kosta ham ko‘k-anorranglilarga aytarli muammo tug‘dira olishmadi. 

«Barselona» o‘yinni nazorat qildi, Pike va Umtiti jarima maydoniga borayotgan barcha to‘plarni qaytarib turishdi, Ter Shtegen zerikish bilan band bo‘ldi, raqib jamoa darvozasiga esa Messi yubiley golini urdi (600). Uning jarima nuqtasidan yo‘llagan zarbasi La Liganing eng yaxshi darvozaboni Oblak uchun ham jumboqligicha qoldi.

Bu gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi, Valverde o‘z murabbiylik faoliyatida ilk marta Simeone ustidan zafar quchdi, argentinalik mutaxassis esa kataloniyaliklar jamoasiga qarshi noxush seriyasini davom ettirdi (13 o‘yinda 4 durang va 9 mag‘lubiyat). «Atletiko» endi «Barselona»dan 8 ochko ortda qolmoqda va chempionlik masalasi amalda hal bo‘ldi. La Liga tarixida chempionat yakuniga 11 tur qolganida bunday farqni hali hech bir jamoa yo‘qqa chiqarib, chempion bo‘la olmagan. «Atletiko» endi faqat Yevropa Ligasida sovrin yutishga umid qilishi mumkin.

Ronalduning uyg‘onishi

Foto: Squawka

«Real»ning portugaliyalik yetakchisi mavsumning birinchi qismidagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin o‘ziga xos qaytish qildi - u 2018 yilda barcha turnirlar doirasidagi 8ta o‘yinda maydonga tushib, 14 gol urishga ulgurdi, 3ta golga uzatma berdi. Shanba kuni uning «Xetafe»ga urgan ikki goli chempionatdagi oson g‘alabani ta'minladi. Ikki gol ham uning uchun yubiley gollar bo‘ldi, birinchisi La Ligadagi 300-gol bo‘ldi, u bunday natijaga Messidan ancha tez erishdi (Ronalduga bu natijani qayd etish uchun 286 o‘yin kifoya qildi, Messi 334 o‘yinda 300 gol urgandi). Uning ikkinchi goli esa La Liga o‘yinlarida bosh bilan urgan 50-goli bo‘ldi. «Xetafe» darvozasiga yana bir golni Garet Beyl urgandi, uning uchun bu o‘yin Ispaniya chempionatidagi 117-o‘yin bo‘ldi va u endi Ispaniya chempionatida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan britaniyalikka aylandi (Bekhemning natijasi 116 o‘yin, Gari Linekerda 103 o‘yin). 2017-2018 yilgi mavsumda Beyl 8 gol urdi, u o‘tgan mavsum davomida 7 gol urgandi.