11:20 / 16.03.2018
15933

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi AQSh Maxfiy xizmati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

Foto: Uzdaily

Amerika Qo‘shma Shtatlari Maxfiy xizmati O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti bilan transmilliy moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda Uzdaily xabar qilmoqda.

AQSh Maxfiy xizmatining doimiy vakili Deniz Feydner va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Akmalxo‘ja Mavlonov 2018 yilning 15 mart kuni Toshkentda ushbu hujjatni imzoladi. Anglashuv memorandumi moliyaviy surishtiruvlar haqida ma'lumot almashish, valyuta jinoyatlari sohasida tajriba va texnik ishlanmalar almashinuvini, shuningdek, ishchi guruhlar uchrashuvi yoki tomonlarni qiziqtirgan boshqa yig‘ilishlar o‘tkazishni nazarda tutadi.

«Valyuta va moliyaviy jinoyatlar – murakkablik darajasi oshib borayotgan global tahdid. Bunday jinoyatlar uchun kuchli to‘siq transmilliy jinoiy tashkilotlar bilan kurashishning asosiy usuli sanaladi. Maxfiy xizmat va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari bir-biriga yordam berishi juda muhim, shuning uchun biz O‘zbekistonda Bosh prokuratura bilan yaqindan hamkorlik qilishni istaymiz», - dedi Deniz Feydner.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va AQShning Toshkentdagi elchixonasi xavfsizlik bo‘yicha Mintaqaviy ofisi ham Memorandumga erishish uchun yordam ko‘rsatdi. «Ushbu memorandum AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi asosiy maqsadlaridan biri - AQShning xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligini transmilliy jinoiy tashkilotlar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida kuchaytirishga yordam beradi», - deya aytib o‘tgan AQSh elchixonasining Mintaqaviy havfsizlik bo‘yicha ofisi vakili.

Mavzuga oid
Top