Visual Capitalist infografikasiga bagʻishlangan materialda AQSH bozoriga kaliyli oʻgʻitlar yetkazib beruvchi asosiy mamlakatlar koʻrsatilgan. Maʼlumotlar AQSH Geologiya xizmati - USGSʼning Mineral Commodity Summaries 2026-yillik sharhiga asoslangan.

Hajmlar kaliy oksidi - K₂O hisobida keltirilgan. Bu turli xil kaliyli oʻgʻitlarni tarkibidagi kaliy miqdori boʻyicha taqqoslash imkonini beradi.

q53Eb0C9m2ZNjPAsOJ
© Visual Capitalist

Kanadaning ustunligi nimada?

Kanada dunyodagi eng yirik kaliyli oʻgʻitlar ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Ishlab chiqarishning katta qismi kaliyli tuzlarning ulkan zaxiralariga ega Saskachevan provinsiyasida joylashgan.

Kanadaning AQSH qishloq xoʻjaligi hududlariga yaqinligi va rivojlangan temiryoʻl tarmogʻi yetkazib berishni yengillashtiradi. Saskachevanda joylashgan yirik ishlab chiqaruvchi Nutrien oʻzining Shimoliy Amerika transport tarmogʻi orqali AQSH boʻylab kaliyli oʻgʻitlar yetkazib beradi.

Mahsulotni quruqlik orqali tashish imkoniyati kanadalik yetkazib beruvchilarga dengiz yoʻllaridan foydalanadigan raqobatchilar oldida logistik ustunlik beradi.

Belarusdan xarid qilish rejasi

Materialda keltirilishicha, 2026-yil sentabrida AQSH prezidenti Donald Tramp Vashington Belarusdan Kanada mahsulotiga nisbatan arzonroq narxda kaliyli oʻgʻitlar xarid qilish boʻyicha yirik kelishuv ustida ishlayotganini bildirgan.

Biroq Belarus mahsulotini Amerika bozoriga yetkazishda qator toʻsiqlar mavjud. Mamlakat dengizga toʻgʻridan toʻgʻri chiqish imkoniga ega emas, Yevropa eksport yoʻnalishlaridan foydalanishda cheklovlarga duch kelmoqda va Rossiya transport infratuzilmasiga sezilarli darajada bogʻliq.

Bundan tashqari, Belarus kaliyli oʻgʻitlarining Xitoy, Braziliya va Hindiston kabi yirik xaridorlari bor. Bu AQSH bozoriga qisqa muddatda yoʻnaltirish mumkin boʻlgan mahsulot hajmini cheklaydi.

Belarus oʻgʻitlari Kanada mahsulotiga nisbatan uzoqroq va murakkabroq yoʻlni bosib oʻtishi kerak. Shu sababli xarid narxining pastligi amerikalik isteʼmolchilar uchun yakuniy narx ham arzon boʻlishini anglatmaydi.