27 mart kuni "O‘zekspomarkaz"ning Milliy ko‘rgazmalar majmuasida O‘zbekistonda yig‘ilayotgan “KAMAZ” yuk avtomobillariining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda Rossiyaning "KAMAZ" OAJ bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirga Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, mamlakatimiz vazirlik va idora rahbarlari, “O‘zavtosanoat” AJ hamda "UzAutoTrailer"ning ishbilarmon hamkorlari tashrif buyurishdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

"KAMAZ" avtomobillarini ishlab chiqarish Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan "UzAutoTrailer» MChJning ishlab chiqarish maydonida boshlangan. 

Yuk mashinasi taqdimoti doirasida tashrif buyurganlar O‘zbekistonda yig‘ilayotgan "KAMAZ" avtomobillari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. 

Taqdim etilgan modellar orasida yuk avtomobilining noyob modeli hisoblangan "KAMAZ" 5490-024-87 mavjud bo‘lib, u yuk avtomobillarning innovatsion konsepsiyalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi sanalgan "Daimler AG" avtomobil konserni bilan birgalikda ishlab chiqarilgan. 

"KAMAZ"ning mazkur modeli YeVRO 5 ekologik darajasidagi "Daimler" dvigateli bilan jihozlangan, kabina dizayni, tormoz va yurish tizimi nemis avtokonserni mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, ekspozitsiya mehmonlarini jahon yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchilar orasida o‘tkaziladigan xalqaro "Dakar" ralli-marafonining 15-karra g‘olibi, "KAMAZ-master" jamoasining afsonaviy sport yuk mashinasi qarshi oldi.

Taqdimot marosimidan oldingi matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, "UzAutoTrailer"  zavodida 10 dan 36 tonnagacha yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lgan 11 turdagi "KAMAZ" yuk avtomobillari yig‘iladi. Mazkur avtomobillarga o‘rnatiladigan dvigatellarning 240 dan 401 gacha ot kuchiga ega bo‘lib, ular YeVRO 3, YeVRO 4 hamda YeVRO 5 ekologik me'yorlarga javob beradi.