Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash hamda «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda sun’iy intellekt yordamida tarmoqlar va hududlarning drayver sohalari tahlil qilinib, 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha boshqaruv kadrlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlangani qayd etildi. Ayniqsa, energetika va «yashil» texnologiyalar, qurilish va urbanizatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, raqamlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida malakali mutaxassislarga talab yuqori.
Davlat rahbari tayyor kadrlar bazasi bo‘lmasa, boshqaruv tizimida uzilishlar yuz berishi, ish samaradorligi va qarorlar sifati pasayishini ta’kidladi.

Kadrlarni baholashda eskicha «obektivka» usulidan voz kechib, nomzodning bilimi, kasbiy tajribasi, psixologik xususiyatlari, strategik fikrlashi va liderlik qobiliyatini qamrab oladigan portfolio tizimiga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yangi tartibga ko‘ra, istiqbolli boshqaruvchilar raqamli texnologiyalar asosida 100 ballik mezon bo‘yicha baholanadi. Katta ma’lumotlar va biznes-tahlil vositalari orqali yuqori salohiyatli kadrlar aniqlanib, ular uchun sun’iy intellekt yordamida individual kasbiy rivojlanish rejalari ishlab chiqiladi. Mazkur tizimni dastlab qishloq xo‘jaligi, oliy ta’lim va qurilish sohalarida sinovdan o‘tkazish taklif etildi.
Har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchini saralab olish, shu tariqa 2030 yilga qadar 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.
Taqdimotda rahbarlik lavozimlari uchun zaxirani shaffof shakllantirishga qaratilgan «TOP-100» ochiq tanlovini o‘tkazish mexanizmi ham bayon qilindi. Tanlov agrar soha, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq, ta’lim, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Nomzodlar test, kompleks kasbiy baholash va suhbat bosqichlaridan o‘tadi. G‘oliblar maxsus o‘quv kurslarida tayyorlanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi, ularning kasbiy o‘sishi va rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi bo‘yicha manzilli choralar ko‘riladi.








