Sport | 16:29 / 09.04.2018
31095
6 daqiqa o‘qiladi

«Bu zarbalarni jonli ko‘rolmadik». MTRKga savollar

O‘zbekistonda sport haqida gap ketganda muxlislar qamrovi bo‘yicha ikkita turni ko‘rsatish mumkin. Birinchisi futbol bo‘lsa, ikkinchisi boks. Uchinchi sport turini ishonch bilan ayta olmaysiz. Chunki bu ikki sport turining ommaviyligi oldida boshqalari yaqin kela olmasligi kundek ravshan.

Lekin buni MTRKdagilar bilmaydigan ko‘rinadi. Yoki bilishsa ham, bilmaslikka olishar, unisi qorong‘i. Nega birdan televideniyega tashlanib qolding, demang. Muxlislarning ichida alami qolib ketgan...

7 aprel kuni WSB yo‘nalishida musobaqada ishtirok etayotgan Uzbek Tigers guruhdagi hal qiluvchi so‘nggi ikki uchrashuvini o‘tkazdi. Termizda bo‘lib o‘tgan janglarni ko‘plab muxlislar orziqib kutgandi. Aksar muxlislar jangni televideniye orqali jonli tomosha qilishni istashgandi. Yo‘q. MTRK muxlislarning qiziqishlarini hisobga olib o‘tirgani yo‘q. Janglar jonli translyatsiya qilinmadi.

Afsuski, bu birinchi marta kuzatilayotgan holat emas, Uzbek Tigers‘ning Kolumbiya jamoasiga qarshi janglari ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatilmagandi. To‘g‘ri aytishingiz mumkin, o‘sha vaqtlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘yinlari bo‘lib o‘tayotgandi, futbol istalgan sport turidan ommaviy turadi, deb. Men ham futbol qo‘yilishiga qarshi emasman. Futbolni boksdan kam yaxshi ko‘rmayman. Lekin MTRK translyatsiyalar bir vaqtga to‘g‘ri kelganda, qancha kanallari bor, o‘shalardan foydalangan-ku, necha marta ko‘rganmiz UzHD kanalida futbol yoki boshqa sport translyatsiyalari ketganini. Dasturni o‘zgartirib bo‘lmaydi, deyishar balki. Lekin janglar, futbollar muddati ancha oldindan ma'lum edi-ku? Bu bahona bo‘la olmaydi, demak. Lekin bahona bo‘lganida bir misolni eslatib qo‘yaylik. Bir vaqtlari Konstantin Genich O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinini sharhlagani kelganida kanal topolmay qolgan MTRK o‘yinni «Oilaviy» kanalidan ko‘rsatgandi. O‘sha kunning o‘zidayoq. Lekin o‘shanda hech kim o‘zgartirib bo‘lmas dasturlar haqida aytmagan.

Kechirasizu, o‘sha o‘zgartirib bo‘lmas dasturlaringizni deyarli hech kim ko‘rmay ham qo‘ygan. Ho‘v birda so‘rovnoma o‘tkazishganda ko‘rganmiz. MTRK kanallarining birortasi tayinli ovoz to‘play olmagandi. Chunki, bugungi sharoitda tomoshabinga o‘zini qanoatlantiradigan mahsulotni izlab topish uchun taklif ko‘p. Raqobat ko‘p. Qariyb hech kim bir-biriga egizakdek o‘xshash ko‘rsatuvlarni ko‘rib o‘tirmaydi. Ko‘rsa, Sport kanalini ko‘radi. Futbol ko‘radi, boks ko‘radi. Qolganini xususiy kanaldan topib oladi. Shunday pallada telekanal mavzusidan vaqtinchalik (boks har kuni, yoki har hafta bo‘layotgani yo‘q-ku) bo‘lsa-da, chetlab istisno qilib tursa faqat va faqat yutgan bo‘lardi.

Mayli, to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib berishmaganiga ham ko‘ngandik. Internet tarmoqlaridan natijani bilib olgan bo‘lsak-da, ko‘z bilan ko‘rgan yaxshi deb boks vaqtini surishtirdim. Ishoning, tomirlarim tortishib qoldi. Nima emish, janglar 9 aprelga o‘tar kechasi soat 01:55da namoyish etilarmish. Ertasiga dushanba og‘ir ish kuni kutib turgan qaysi normal odam bu vaqtda televizor ko‘rishi mumkin? Tasavvur qilib ko‘ring. Soat ikkida boksni takror bo‘lsa ham berishini kutib o‘tirishingiz kerak. Ertaga qanaqa holatda ishga borishingiz tasavvur qilavering. Bunda hali chiroq barqaror yonib turadigan joylarni nazarda tutdik...

Bugungi raqobat o‘ta jiddiy bo‘lgan vaziyatda ildamroq, tezroq harakat qilmasang, luqmani boshqasi ilib ketishi mumkin. Futbol bo‘yicha jahon chempionati translyatsiyasini sotib olish bo‘yicha ham nimalar bo‘layotgani o‘qidik. Butun boshli Sport kanali bor MTRKni futbolga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan xususiy kanal raqobatda yutib ketishi mumkin. Chunki ular ham bu musobaqaning qanchalik ommaviyligini, biznes uchun ham yaxshi loyiha ekanini yaxshi bilishadi. MTRK esa esa o‘zida bor imkoniyatlardan ham foydalanmay o‘tiribdi. Bu bilan JCh-2018ni WSB janglariga tenglashtirmoqchi emasman. Shunchaki yana bir ommaviy qiziqish uyg‘otadigan tadbirni yoritish imkoniyati bo‘lib turganda, bunga sovuqqonlik bilan qarash, hozir maydadek ko‘ringan bu masala, keyinchalik katta bo‘lib ketishi mumkinligini aytmoqchiman xolos.

Oddiy o‘zbek muxlisi futbol bilan birga Bektemirning nokautini, Bahodirning dahshatli zarbasini jonli ko‘rgisi keladi. Ularni TV qarshisida bo‘lsada, qo‘llab-quvvatlashni istaydi. Muxlisni, tomoshabinni imkoniyat bo‘la turib, bunday huquqdan mahrum qilish uyat aslida.

Azim Abdusalomov

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid