O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 aprel kuni Sirdaryo viloyati Sayhunobod tumanida viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘cha supurishga majbur bo‘layotgan o‘qituvchilar va prezident uchun hozirlanayotgan ko‘zbo‘yamachiliklar haqida gapirib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
«Men osmondan paydo bo‘lib, tushib kelmayman: bir kun oldin qaysi viloyatga tashrif buyurishim haqida ma'lumot yetkaziladi. Lekin, ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ochig‘i, menga bu noqulay, [ko‘zbo‘yamachilik] menda nafrat uyg‘otmoqda. O‘qituvchilarni majburlab chiqarib qo‘yib, obodonlashtirish, ularga ko‘cha supurtirish, «tayyorgarlik»ka jalb etish - siyosatga xiyonat. Bu harakatlar faqat menga emas, siyosatga ham xiyonat», deydi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari deyarli 4,5 soat davom etgan yig‘ilish boshlanishi bilanoq «maqtov va qarsakbozlik» davri tugagani, endi «sadoqat bilan ishlash» zarurligini yana bir marta ta'kidladi. Shuningdek, prezident uchun hozirlanayotgan ko‘zbo‘yamachilik uni ranjitishini aytadi.
«Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, [balki] la'nat aytadi. Bizni do‘stlarimiz ham ko‘p, dushmanlarimiz ham. Siz (mahalliy hokimiyat rahbarlari - tahr.) mana shu ishlaringiz bilan dushmanlarning tegirmoniga suv quymoqdasiz. Butun viloyatlar va tumanlar rahbarlari, mana shuni bilib oling.
Men samarqandlik o‘qituvchining vafoti haqida eshitdim. Qanaqadir direktor, rahbar yoki hokim qachondir «mehmon» keladi, deb ikki-uch kun oldin aytgan. Lekin, mening yuragimda bu xuddiki, men tufayli yuz bergandek tuyuldi. Yana bir bora va so‘nggi marta barcha rahbarlarni alohida ogohlantiraman: bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talabalar obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Ishdan olish bilan birga o‘sha rahbar [qilmishi uchun] qonun oldida javobgar bo‘ladi. Menga farqi yo‘q, juda katta xizmat qilgan hokim bo‘lsa ham, u ishdan ketadi. Men buni aytishga majburman, chunki bu davom etmoqda.








