Mamlakatimizda aholi ijtimoiy hayotini yaxshilash, hududlarda mahallalarning yangicha ko‘rinishdagi guzarlarini bunyod etish bo‘yicha ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 3 fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini yanada mustahkamlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi belgilab o‘tilgan. Afsuski, bu ishlarda ham bir qancha sohaga oid kelishmovchiliklar, mas'uliyatsizlar va muammolar kuzatilmoqda.

Mamlakatimiz rahbari ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarida eng avvalo xalqning ishonchini ta'kidlagan holda, ularning tinch-totuv yashashida doimo adolat hukm surishi kerakligini qayta-qayta takrorlamoqda. Yana bir muhim jihati, odamlar davlat boshqaruviga, prezidentning hududlardagi vakillariga ishonsagina xalq rozi bo‘lishi aytilmoqda.

Lekin ayrim joylarda bunday bo‘lmayapti. Xususan, Toshkent shahri Mirobod tumani, Mirobod mahalla fuqarolar yig‘ini 3-, 5-, 88- va 90-uylarda istiqomat qiluvchi kishilar zamonaviy mahalla guzari qurilishidan norozilik bildirib, «Kun.uz»ga murojaat yo‘llashgan. Bu yerda aholi noroziligiga qaramay qurilish ishlari boshlangan. Shunday so‘ng aholi qurilish ishlarini to‘xtatishga uringan. Quruvchilar va aholi o‘rtasida zidddiyatlar kelib chiqib, yig‘ilganlar hayotiga xavf soluvchi xatti-harakatlar sodir bo‘lgan. Ayni manzara aholi tomonidan tasvirga ham tushirilgan. Shu kuni oqshom payti ijodiy guruhimiz voqea joyiga chiqdi. Quruvchilar guruhi bizni ko‘rib, qurilish obektini tark etishmoqchi bo‘lishdi. Biz esa ulardan qurilish ishlari borasida axborot olishga urinib ko‘rdik. Ammo ular avvaliga yolg‘on axborot berishdi, so‘ng mavhum javoblar bilan hududni tark etishdi.

U yerda yashovchi mahalliy aholi vakillaridan biri shu voqea xususida shunday deydi: «Bu yerda qurilishi rejalashtirilgan bino namunaviy mahalla guzari emas, balki manfaatdor tadbirkorlarning savdo kompleksidir».

Aslida loyihalar xalqning tinch-totuv va farovon yashashiga xizmat qilishi kerak emasmi?

Ta'kidlash kerak, uchastka nozirlari bugungi kunda xududda tinchlikni asrash, turli ziddiyatlarning oldini olish, noqonuniy xatti-harakatlarni rasmiylashtirib, tegishli chora ko‘rishi lozim. Biroq Mirobod mahalla fuqarolar yig‘ini uchatka nozirlari aholi va quruvchilar o‘rtasida ziddiyatning bevocita guvohi bo‘lishsada, hech qanday chora ko‘rishmagan. «Kun.uz» ijodkorlari voqea joyiga borganida ham uchastka nozirlari vaziyatga aralashmadi. Aksincha, voqea joyida kamera obektiviga tushib qolmaslik uchun obektni tark etdi. Ijodiy guruhimiz qurilish ishlari yuzasidan aholi bilan suhbatlashdi.