Toşkentda havo sifati yomonlaşişi hafta oxirigaça davom etişi mumkin

6-oktabr kuni keçqurun Toşkent şahrida havo sifati yomonlaşib, keçasi va ertalab «sezgir guruhlar uçun noqulay» darajaga çiqdi. Ayrim hududlarda qisqa muddatli «nosoğlom» daraja ham kuzatildi. Bu haqda Ekologiya qömitasi xabar berdi.

Uşbu davrda AQI (havo sifati) böyiça şaharning örtaça körsatkiçi 117 bölib, «sezgir guruhlar uçun noqulay» darajaga mos kelgan. Milliy indeksatsiya böyiça esa PM2,5 «yaşil», PM10 «sariq» darajada qayd etilgan. 7-oktabr soat 10:00 da PM10 böyiça şaharning örtaça körsatkiçi «zarğaldoq» darajaga kötarilgan.

Havo sifati yomonlaşişiga ifloslantiruvçi moddalar tarqalib ketişini çeklagan noqulay meteorologik şaroitlar taʼsir qilgan. Xususan, şamol tezligi 1 m/s atrofida bölgani va tunda kuçli harorat inversiyasi kuzatilgani havoning almaşinuvi hamda vertikal aralaşişini susaytirgan. Mutaxassislar bunday holatlar hafta oxirigaça asosan tungi va ertalabki vaqtlarda qisqa muddatli kuzatilişi mumkinligini bildirmoqda.

Toşkent viloyatida qariyb 600 tup daraxt noqonuniy qöporib taşlandi

Ekologiya va iqlim özgariş qömitasi xabariga köra, Toşkent viloyati Böstonliq tumani Ğazalkent mahallasi hududida «Y.D.» MÇJ tomonidan 2 gektar yer maydonida jami 586 tup (şundan qimmatbaho 9 tup dölana, 3 tup arça, kam qimmatli 3 tup toğ olçasi, 571 tup uçqat) daraxt noqonuniy ravişda ildizi bilan qöporib taşlangan.

Holat yuzasidan tadbirkorga bir neça bor murojaat qilingani, ammo u qonuniy talabga böysunmay, qarşilik körsatişga uringani taʼkidlangan.

Qonunbuzarlik oqibatida yetkazilgan zarar 1 milliard 705 million 660 ming sömga baholangan. Qayd qilinişiça, holatga huquqiy baho beriş va tegişli çora köriş maqsadida töplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiliş organlariga yuboriladi.

Çirçiqda bank mulozimi 13 fuqaroning 1,3 mlrd sömini ömardi

Boş prokuratura huzuridagi Departament maʼlumotiga köra, Çirçiq şahridagi tijorat bankida bölim boşliği O.R. fuqarolardan qabul qilingan mablağlarni kassaga kirim qilmagani qayd etilgan. U pullar göyoki qabul qilinganini körsatiş uçun omonat hisobvaraqlariga soxta maʼlumotlar kiritgan.

Departamentning bildirişiça, şu yöl bilan 13 nafar fuqaroga tegişli jami 1,3 mlrd söm özlaştiriş yoki rastrata yöli bilan talon-toroj qilingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (Özlaştiriş yoki rastrata yöli bilan talon-toroj) bilan jinoyat işi qözğatilgan. Hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tunda köçaga haydalgan TDTU talabalari boşqa yotoqxonaga joylaştirilgani aytildi

Toşkent davlat texnika universitetining (TDTU) tunda yotoqxonadan çiqarib yuborilgan talabalari boşqa yotoqxona va xonadonlarga joylaştirildi, deb xabar berdi şahar hokimligi. Qayd qilinişiça, mazkur obyektga avval joylaştirilgan talabalardan undirilgan tölovlar tadbirkor tomonidan 3 kun muddatda töliq qaytarib beriladi.

Avvalroq, TDTU talabalari Kun.uz'ga murojaat etib, keçki payt yotoqxonadan çiqarib yuborilgani böyiça şikoyat qilişgan edi. Maʼlum bölişiça, ular universitet huzurida davlat-xususiy şeriklik asosida qurilgan yangi yotoqxonada tölovni amalga oşirgan holda yaşagan. Ammo universitet prorektori, prokuratura xodimi va uçastka inspektori yotoqxonani böşatiş kerakligini aytgan.

Taʼlim va ilm-fan vazirligi bergan izohga köra, uşbu yotoqxona hozirça rasman foydalanişga topşirilmagan, kadastr hujjatlari rasmiylaştirilmagan hamda undan foydalaniş uçun ruxsat olinmagan. Şu sababli obyektga talabalarni rasmiy tartibda joylaştiriş imkoni mavjud emas. Qayd qilinişiça, talabalar mazkur yotoqxonaga belgilangan tartibga rioya etmagan holda tadbirkor tomonidan joylaştirilgan.