
2018 yil 20 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Mening fikrim” veb-portalining meningfikrim.uz taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur portal orqali Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat berish imkoniyati taqdim etiladi. Shu bilan birga, har bir fuqaro o‘zining konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda, mamlakat qonunchilik tizimini rivojlantirish borasida o‘z fikrlarini bildirishi mumkin bo‘ladi.
Xo‘sh, ushbu portal qay tartibda ishlaydi?
Dastavval murojaatchi Yagona identifikatsiya tizimida (id.gov.uz) o‘z shaxsini tasdiqlaganidan so‘ng, “Mening fikrim” veb-portalining bosh sahifasidagi maxsus tugmani bosib tegishli joyga murojaat matnini kiritishi lozim. Mazkur murojaatni Yagona identifikatsiya tizimi (id.gov.uz) orqali o‘z shaxsini tasdiqlagan foydalanuvchilardan kamida 5 nafari qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi. Buning uchun murojaat foydalanuvchilar e'tiboriga havola etiladi.
Murojaat yetarli miqdorda ovoz to‘plasa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan ekspertizaga qabul qilinadi. Institut murojaatni o‘rnatilgan talablarga muvofiqligini tekshirish uchun ekspertiza o‘tkazadi.
Shu o‘rinda murojaatni yo‘llashda e'tibor berish lozim bo‘lgan jihat shundaki, ayrim murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi. Bular:
- mavjud konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan da'vatlar;
- jamiyatning ma'naviy qadriyatlariga putur yetkazadigan, fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini poymol qiladigan;
- urush, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qilish, millatlararo, irqiy, diniy adovat, ekstremizm, separatizm va fundamentalizmni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi;
- terrorchilik harakatlarini sodir etishga, qonunga muvofiq jinoiy va o‘zga javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etishga da'vat qilish to‘g‘risidagi va nizomda belgilangan boshqa masalalar.















