Kun.uz saytiga so‘nggi paytlarda bozorlar hududi va undagi muammolar bo‘yicha juda ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Lekin mazkur o‘rganilgan murojaat umuman o‘zgacha tarzda. Muammo markazi bu safar Toshkent shahrining Sergeli tumani hisoblanadi.
Ma'lum bo‘lishicha, Toshkent shahar hokimining 2018 yil 15 mart sanasida «Yer maydonida obodonlashtirish va buzish ishlarini olib borish haqida»gi №430 sonli qarori chiqarilgan. Qarorga ko‘ra, Sergeli tumani, Yangi Sergeli ko‘chasi bo‘yida joylashgan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli noturar joy binolarni buzilishi hisobiga hududda obodonlashtirish ishlarini olib borishga ruxsat berilgan. Qarorga e'tiborimizni qaratadigan bo‘lsak, uning 3-qismida noturar joy binolari buzilishga tushgan yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zarar turini va miqdorini qoplash bo‘yicha belgilangan tartibda tegishli komissiya xulosasi olinishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan. Vakolatli komissiya xulosasi olinganidan so‘ng, buzilish ishlari amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Belgilangan tartib-qoida bo‘yicha buzilish ishlari haqida avvalo jismoniy va yuridik shaxslarga ogohlantirish berilishi kerak edi. Chunki, jismoniy va yuridik shaxslar hududida mavjud bo‘lgan tovar yoki moddiy qiymatga ega bo‘lgan ashyolari, mahsulotlarini tashib olishi uchun vaqt kerak. Qarorga e'tirozimiz yo‘q. Biroq, ogohlantirish masalasi bo‘yicha fuqarolar hech qanday ma'lumot olishmaganini, buzilish ishlari esa usiz ham boshlab yuborilganini tasdiqlashdi. Sergeli tuman hokimligi vakillari bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida esa ular ogohlantirish xati berilganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qila olmadi.

Hokimiyat vakillaridan qarorda ko‘rsatilgan hududda buzilishga tushgan noturar joy binolariga yetkazilgan zarar turi va miqdori yuzasidan vakolatli komissiya xulosasini so‘raganimizda ham ular bunday hujjatni ko‘rsata olishmadi. Vaholanki, shahar hokimi qaroriga ko‘ra, vakolatli komissiya xulosasi olinganidan so‘ng, buzilish ishlari amalga oshirilishi belgilab o‘tilgan.

Qarorning beshinchi bandida esa buzilishga tushgan yuridik va jismoniy shaxslarga kompensatsiya tariqasida Sergeli tumanida savdo majmualari va noturar-joy obektlarini joylashtirish yuzasidan yer maydoni ajratish ham ko‘rsatib o‘tilgan. Lekin, yer maydoni ajratilishidan darak yo‘q. O‘nlab tadbirkor va yuzga yaqin ishchilarning esa boshi qotgan. Nima qilishini, qayerdan najot kelishini bilmaydi.



















