Qur'oni Karimni tajvid bilan o‘qishni o‘rgatishi aytilgan “Arab tili kurslari”da arab tili o‘rgatilmoqda. KUN.UZ muxbiri Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida ayni masalaga oydinlik kiritishni so‘rab, spikerlarga murojaat qildi.

Mazkur savol bo‘yicha Xalqaro Islom akademiyasi rektori, akademik Ne'matilla Ibrohimov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Qur'on o‘qimagan odamda, hatto arab tilida talaffuzi yaxshi bo‘lmaydi. Nahv-sarf, ya'ni grammatika qoidalari ham aynan Qur'onni noto‘g‘ri o‘qib qo‘ymaslik uchun tuzilgan. Qur'oni Karimga belgilar qo‘yilishi Xalifa Usmon roziallohu anhu davrlarida, Mushaf hollariga keltirilganidan keyin, u kishining topshiriqlari bilan, sahoba (o‘sha davrning filolog olimi deyish mumkin) Zayd bin Valid tomonidan qo‘yib chiqilgan. Bu narsa shu vaqtgacha o‘zgarganmas. Endi, o‘sha og‘ir, o‘tgan asrning 80-yillarida, “ideologiya”ning juda dahshatli odamlar turganida ham biz Qur'onni o‘qitganmiz. Chunki, buning hech iloji yo‘q. Qur'onni o‘qitmasdan, arab tilini o‘rganishni iloji yo‘q.
Ammo so‘nggi vaqtlarda Qur'on o‘qitishni noto‘g‘ri talqin qilish hollari ham bo‘lmoqda. Masalan, Islom universiteti nomi, lekin arab tili o‘qitish minimum darajaga tushirilgan. Ba'zi guruhlarga 2 para, ba'zilariga bitta qo‘yilgan. Mana, bir ayol domla arab tili darsida Qur'ondan misol keltir, degani uchun ishdan haydashibdi. Bu nima degan gap? O‘ylaymanki, hozirda Qur'on kurslarini ochishga hech qanday mone'lik bo‘lmasa kerak”, - dedi Ne'matilla Ibrohimov.

Ayni masalaga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nurimon Abul Hasan oydinlik kiritishga urindi.
“Qo‘shimcha qilib shuni aytmoqchimanki, Qur'on kurslari ochilishi bo‘yicha xabarlar tarqalib ketgandi. Lekin bu xabarlar, faqat Diniy idoraga bog‘liq xabarlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Endi bu xabarlarni yanada mustakamlash uchun O‘zbekiston prezidenti tomonidan ayni muhokama qilinayotgan farmon ichida chora-tadbirlar dasturi bor. Unda O‘zbekiston Musulmonlar idorasi ta'lim muassasalarida Qur'oni Karim kurslari tashkil etilsin, degan joyi bor. Bu tashkil etiladi.
Savol boshqacharoq qo‘yilishi kerak edi, menimcha. Nimaga arab tili o‘rgatilayapti? Arab tili o‘rgatilmasa, Qur'onni qaysi tilda o‘rganadi? Qaysi tilda o‘qiydi? Arab tilini o‘rganish kerak avval. Chunki, o‘sha arab harflarida yozilgan. Boshqa harflar bilan biz Qur'onni o‘qiy olmaymiz? Buni tanqid qilish nojoiz”, - dedi Nurimon Abul Hasan.















