Jahon | 11:37 / 07.05.2018
24407
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda 118 bolani asrab olgan ayol hibsga olindi 

Xitoyning Uan shahri ma'muriyati butun mamlakatga 118 nafar bolani asrab olish uchun millionlab pullar sarflagani bilan tanilgan ayol Li Litszyuanni jinoyatlar sodir etish gumoni bilan hibsga oldi va unga tegishli xususiy bolalar uyini yopishga qaror qildi.

Foto: 163.com

O‘zini millioner deb atagan ayol bolalarni 1996 yilda asrab olishni boshlagan va 2007 yilda o‘zining “Muhabbat qishlog‘i” deb nomlangan xususiy bolalar uyini tashkil qilgan. OAVning ma'lum qilishicha, ayol 118 bolani asrab olgan. Uning bu faoliyati OAVda faol yoritilgan va shu sababli ayol butun mamlakatga tanilib ketgan. 

Politsiyaning ma'lum qilishicha, ayol tanilib ketgach, xayr-saxovatidan boyish uchun foydalana boshlagan, byudjyetdan va saxovatpeshalardan katta pullar ola boshlagan. Politsiyaning ta'kidlashicha, ayol asrab olgan bolalardan mahalliy amaldorlarni qo‘rqitish va ularga tahdid qilishda foydalanganlikda gumon qilinmoqda. 

Hukumatning xabar qilishicha, asrab olingan bolalardan ba'zilarining aslida ota-onalari bor bo‘lib, bolalar uyi ularning nomlaridan hukumatni aldash va ular uchun davlat mablag‘larini olish uchun foydalangan.

Hukumat bolalar uyini yopishga qaror qilgandan keyin u yerdan 74 nafar bolani o‘ziga olgan.

Ayol esa bir qator jinoyatlar, jumladan shantaj va jamoat tartibini buzishda gumon qilinmoqda. Politsiya ayolning hisob raqamidagi 20 mln yuandan (3,1 mln dollar) va 20 ming dollardan ko‘proq pulni muzlatib qo‘ydi. Hukumat, shuningdek, ayol ko‘plab ko‘chmas mulk obektlariga va hashamatli avtomobillarga ega ekanligini aniqlagan.

Bundan tashqari, bolalar uyida o‘g‘irlangan bolalar saqlangani haqida ma'lumot paydo bo‘lgan. Shu munosabat bilan politsiya yo‘qolgan bolalar ma'lumotlar bazasi bilan solishtirish uchun bolalardan qon namunasi va barmoq izlari olgan.  

Mavzuga oid