So‘nggi paytlarda majburiy mehnat masalasi kundan-kunga dolzarblashib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” videoblogida Majburiy mehnat masalalariga oid normalar tushuntirilib o‘tildi. Unda shunday deyiladi: “Konstitutsiyamizning 37-moddasiga muvofiq, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.
Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.”
Majburiy mehnat nima va u qanday ko‘rinishlarga ega?
Majburiy mehnat – biror-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash hisoblanadi. Ya'ni hech kim shaxsni ishdan bo‘shatib yuboraman, oyligingni kamaytiraman, lavozimingni tushiraman va hokazo tahdidlar bilan majburiy mehnatga jalb qilishga haqli emas.
Quyidagi ishlar majburiy mehnat hisoblanmaydi:
- harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosidagi ishlar;
- favqulodda holat yuz bergan sharoitlardagi ishlar;
- sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan qo‘llanadigan ishlar;
- qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.
Demak, yuqoridagi ko‘rsatilgan hollardan tashqari xodimni zo‘rlash, yoki qo‘rqitish, jazo qo‘llash, mehnat faoliyati va rag‘batlantirishni cheklash kabi usullar orqali bevosita mansab vazifasiga kirmaydigan har kanday ishga jalb qilish majburiy mehnat deb topiladi. Hodimlarni ularning ixtiyorisiz obodonlashtirish, mavsumiy qishloq ho‘jaligi va qurilish ishlariga, shuningdek, turli tadbirlarga jalb qilish kabilar ham majburiy mehnatning ko‘rinishlari deb baholanadi.

Majburiy mehnatga jalb qilinayotgan shaxs qayerga murojaat etishi kerak?
Majburiy mehnatga jalb qilinayotgan shaxs Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat huquq mehnat inspektorlariga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari mumkin.














