O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan marosimda qatnashib, nutq so‘zladi. Quyida davlat rahbari nutqining to‘liq matni keltiriladi.

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!

Muhtaram faxriylar!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun jonajon Vatanimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 73 yilligi keng nishonlanmoqda.

Ana shu qutlug‘ ayyom bilan sizlarni, sizlar orqali ko‘p millatli butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Siz, azizlarni biz fashizmga qarshi mardona kurashgan, buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan, Vatanimizning haqiqiy qahramonlari, deb bilamiz va sizlar bilan cheksiz faxrlanamiz.

Sizlarning bugun oramizda mana shunday nuroniy bo‘lib, duogo‘y bo‘lib yurishlaringiz biz uchun, albatta, katta baxt, katta davlatdir.

Hammamizga ayonki, bu dunyoda tinchlik va omonlik, baxtu saodat barqaror bo‘lishi uchun inson o‘zini ayamasdan kurash olib borishi, fidokorona mehnat qilishi kerak. Sizlarning yuksak jasorat va matonatingiz, butun hayotingiz bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Bugun fashizmga qarshi kurashda halok bo‘lgan minglab vatandoshlarimizning so‘nmas xotirasini yod etib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish – biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Qonli jang maydonlarida mardlik ko‘rsatgan, front ortida mehnat qilib, bugun hayotimizga fayz bag‘ishlab yurgan muhtaram faxriylarimiz oldida barchamiz bosh egib ta'zim qilamiz.

Ayni vaqtda mustaqil Vatanimiz ozodligi, el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan jasur harbiylarimizning nomlarini ham hurmat va ehtirom bilan esga olamiz. Ularning oila a'zolari, farzandlariga e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni o‘zimizning muqaddas burchimiz, deb bilamiz.

Aziz va muhtaram do‘stlar!