O‘zbekiston | 11:31 / 24.05.2018
44178
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda maktab formasi yangi o‘quv yilidan joriy qilinadi

2018/2019 yilgi yangi o‘quv yilidan e'tiboran O‘zbekiston o‘quvchilari yagona standartda va bir necha namunada ishlab chiqilgan maktab formalariga o‘tadi. Bu mavzu esa, kelajak avlod taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir ota-ona uchun qiziq mavzudir. Shu munosabat bilan Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasi ham aynan maktab formalariga bag‘ishlandi.

Foto: Xalqaro press-klub

Ta'kidlanishicha, prezidentning yagona maktab formasini ishlab chiqish va joriy qilish bo‘yicha bildirgan taklifidan so‘ng, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Xalq ta'limi vazirligi, psixologlar, yetakchi dizaynerlar va shu soha mutaxassislarini jalb etib, maktab formalarining bir necha namunasi yaratildi. Ular ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, eng ko‘p ma'qullangan 10 turdagi maktab formasi sinovdan o‘tkazildi. 

Buning uchun Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 91-umumta'lim va Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 4-umumta'lim maktabi tanlandi. Bundan tashqari, ota-onalar orasida maktab formalariga doir maxsus so‘rovnoma ham tashkil etilgan bo‘lib, 10 namunadan qay birini yakuniy forma sifatida tanlash so‘rovnoma natijasiga ko‘ra aniqlanadi. 

Maktab formalari 1-4, 5-8 va 9-11 sinf o‘quvchilari uchun alohida-alohida formalar shaklida 3 yosh toifasi bo‘yicha ishlab chiqariladi. Sessiyaga taklif etilgan ota-onalar sinovdagi maktab formalari borasida o‘z fikrlarini bildirishdi. Ayrim jihatlari, xususan yaxshi dazmollanmasligi bo‘yicha mutaxassis fikrlarini so‘rashdi. Umuman olganda, aksar ota-onalar formalarning sifati yaxshiligi, materiali 100 foiz paxta xomashyosidan ekani, tashqi ko‘rinishini yuqori baholashdi. 

Foto: Xalqaro press-klub

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Zamira Suyunovaning ta'kidlashicha, tanlangan maktab formalarini barcha maktablarga yangi o‘quv yiligacha yetkazib berish borasida barcha ishlar amalga oshirilmoqda. “Uyushmaning bu boradagi imkoniyati yetarli. Maktab formalarini o‘z vaqtida yetkazib berishda hech qanday muammo yoki uzilishlar bo‘lmaydi”, - dedi Z.Suyunova. 

Qolaversa, Markaziy bank va tijorat banklari bilan birgalikda, ko‘p farzandli ota-onalarga maktab formalarini xarid qilishlari uchun qisqa muddatli iste'mol kreditlari taqdim etish rejalashtirilmoqda. 

Ta'kidlash o‘rinliki, XPK sessiyasida maktab formasi narxi borasida aniq ma'lumot berilmadi. Mutaxassislarga ko‘ra, formaning narxi u tikiladigan matolar va boshqa jihozlarga bog‘liq bo‘ladi, ammo cho‘ntakbop bo‘lishi ta'minlanadi.
 
Sessiya chog‘ida jurnalistlar savollariga javoblar qaytarildi, ishtirokchilar tomonidan turli fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, qizlar uchun maktab formalarida yubkalarni uzunroq qilish yoki qizlar uchun maxsus me'yordagi shimlarni tikish ham taklif etildi. Dizayner Gulruh Jo‘rayevaga ko‘ra, yubkalarni uzunroq qilish borasida muammo bo‘lmaydi. Chunki, tayyor yubkalar etagida uni uzunlashtirish uchun 5 sm.lik qo‘shimcha qayrilgan holda qoldiriladi. 

Mavzuga oid

E`lonlar