PORTUGALIYa TeRMA JAMOASI
Laqabi – «Yevropa Braziliyasi»
Libosi: qizil
Konfederatsiya – UYeFA
Federatsiya – Portugaliya futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi
JCh yarim finalchisi – 1966, 2006
Yevropa chempioni - 2016
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p ishtirok etgan – Ronaldu (149)
Eng ko‘p gol kiritgan – Ronaldu (81)
Ilk o‘yin – 1921 yil. 18 dekabr. Ispaniya - 1:3
Eng yirik g‘alaba – 1994 yil. 18 noyabr. Lixtenshteyn – 8:0
1999 yil. 9 iyun. Lixtenshteyn – 8:0
2003 yil. 19 noyabr. Kuvayt – 8:0
Eng yirik mag‘lubiyat – 1947 yil. 25 may. Angliya – 0:10

Portugaliya futboli hozirda Yevropada yetakchi sifatida tilga olinsa-da, JCh tarixiga nazar tashlasak, muntazam Portugaliyani ko‘rmaymiz. Ushbu yurt vakillari atigi 6 marta jahon chempionati final qismida ishtirok etishgan. Ammo jamoa o‘zi qatnashgan musobaqalarda doimo barchani o‘ziga maftun etgan va asosiy da'vogarlar sifatida tilga olingan. Jamoaning «Yevropa Braziliyasi» deb atalishiga faqat Braziliyada portugallarning istiqomat qilishigina sabab bo‘lgan emas, albatta.

Portugaliya o‘zining ilk jahon chempionatiga Angliyada o‘tgan 1966 yildagi mundialda erishdi va to‘fon misoli futbol olamiga yorib kirdi. Jamoaning yetakchisi, asli mozambiklik bo‘lgan Eysebioni to‘fonga qiyoslashardi, xuddi shu shaklda jamoaning o‘yini ham barchaning tiliga tushdi. Guruh bosqichida Braziliya, Vengriya kabi gigantlar, Bolgariya kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushgan qahramonlarimiz har bir raqibi darvozasiga uch marotabadan to‘p kiritishni uddasidan chiqdi. Ayniqsa hal qiluvchi so‘nggi turda, futbol qiroli Pele ham hech narsa qila olmadi. Eysebioning ikki goli Portugaliyaga 3:1 hisobidagi g‘alabani olib berdi va so‘nggi ikki jahon chempionati g‘oliblari guruh bosqichidan uyga ravona bo‘lishga majbur bo‘ldilar.

Chorak finalda portugaliyaliklarga guruh bosqichida sensatsiya ko‘tarib, Italiyani dog‘da qoldirgan Shimoliy Koreya ro‘baru keldi. Sensatsiya davom etdi, shimolliklar ilk 25 daqiqadayoq Portugaliya darvozasini 3 bor aniq nishonga olishdi. Epchil va tezkor koreyslar butun nazoratni o‘z qo‘llariga olishadi va asosiy qurol Eysebio qattiq qo‘riqlanardi. 27-daqiqada to‘p avval Eysebioga, keyin esa darvoza to‘riga borib tushadi. O‘yin oxirigacha hujumchi ikki bor penaltidan va ikki bor o‘yindan to‘p kiritadi va Portugaliya 5:3 hisobida g‘alaba qozonadi.