AQŞ prezidenti Donald Tramp 18-sentabr kuni H.R. 5334 - Lindsey O. Graham Sanctioning Russia and Iran Act of 2026 qonunini imzoladi. Oq uy ham hujjat kuçga kirganini rasman tasdiqladi. Qonun Rossiyaga nisbatan sanksiyalar, tariflar va boşqa çeklovlarni kengaytirişni, şuningdek, Eronga qarşi amaldagi sanksiyalarni uzaytirişni nazarda tutadi.

Yangi qonun AQŞ prezidentiga Rossiya nefti va tabiiy gazini eng köp xarid qiladigan beşta davlatga nisbatan 100 foizgaça boj joriy etiş vakolatini beradi. Şuningdek, Rossiyaga energetika sohasidagi sanksiyalarni çetlab ötişga yordam berayotgan davlatlarga nisbatan ham çoralar qöllanişi mumkin.

Ayni paytda, hujjatda ayrim istisnolar ham nazarda tutilgan. Xususan, Rossiyadan import qilinadigan gaz uluşi belgilangan çegaradan past bölgan va Rossiya energiya resurslariga qaramlikni kamaytiriş böyiça çoralar körayotgan davlatlar ayrim tariflardan ozod qilinişi mumkin.

Qonun faqat Rossiya energetika resurslarining xorijiy xaridorlariga qaratilmagan. U Rossiyaning energetika va mudofaa tarmoqlari, moliya institutlari, mansabdor şaxslari hamda amaldagi sanksiyalarni çetlab ötişda foydalanilayotgan «soya floti»ga nisbatan ham çeklovlarni nazarda tutadi. Reuters maʼlumotiga köra, uşbu çoralarning maqsadi Rossiyaning Ukrainadagi uruşni moliyalaştiriş imkoniyatlarini çeklaşdir.

Qonun loyihasi dastlab 2025-yil aprelida respublikaçi senator Lindsi Grem va demokrat senator Riçard Blyumental tomonidan ilgari surilgan edi. Dastlabki variantda Rossiya bilan savdo qilayotgan va uning neftini xarid qilayotgan davlatlarga nisbatan 500 foizgaça boj joriy etiş ğoyasi muhokama qilingan. Şu sababli bu çoralar ommaviy axborot vositalarida «ayovsiz sanksiyalar» deb ham atala boşlagan. Keyinçalik eng yuqori tarif miqdori 100 foizgaça tuşirildi.

Hujjat Kongressda uzoq muhokama qilindi. Vakillar palatasi uni 16-sentabr kuni 262 ovozga 159 ovoz bilan qabul qildi. Şundan söng qonun loyihasi prezident imzosi uçun yuborildi.

Qonunning yakuniy tahriri prezidentga sanksiya va tarif mexanizmlarini qöllaş böyiça keng vakolat beradi. Tramp maʼmuriyati avgust oyidayoq tarif vakolatlarini qonunning muhim qismi deb atagan va ular Rossiyani Ukrainadagi uruşni tugatiş böyiça kelişuvga undaş vositasi sifatida işlatilişi mumkinligini bildirgan edi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy qonun imzolanişini olqişlab, AQŞ prezidenti va uni qöllab-quvvatlagan Kongress aʼzolariga minnatdorlik bildirdi. U iqtisodiy bosimni kuçaytiriş Rossiyani uruşni tugatişga undaydigan vositalardan biri ekanini taʼkidladi.