Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Xalq ta'lim vazirligining “Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab barcha umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida o‘quvchilar uchun ko‘p variantlilik asosida zamonaviy maktab formasini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi korxonalari tomonidan davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari uchun ularning yoshi, bahor-kuz va qish mavsumlari inobatga olingan holda ko‘p variantlilik asosida tayyorlangan zamonaviy maktab formalarining namunaviy shakllari;

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Belgilanishicha: 

maktab formasi umumiy o‘rta ta'lim muassasalari rahbariyati tomonidan o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan kelishilgan holda namunaviy shakllar doirasida tanlanadi;

maktab formasi umumiy o‘rta ta'lim muassasasi pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi hamda o‘quvchilar uchun tasdiqlangan maktab formasi shaklini uch o‘quv yili davomida o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

o‘quvchilarning umumiy o‘rta ta'lim muassasasiga maktab formasida kelishlari majburiy hisoblanadi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
2018 yil 1 iyuldan boshlab tasdiqlangan namunaviy shakllardagi maktab formalarining ishlab chiqarilishini tashkil etadi;

maktab formalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni belgilashda ularning texnologik jihatdan ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarning o‘z hududida joylashganligini inobatga oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda tasarrufida umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar: