Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga yetib borgan.
Davlat rahbari safarni boshlashdan avval joriy yil fevral oyida vafot etgan davlat va jamoat arbobi Kallibek Kamalovning xonadoniga tashrif buyurdi.

Prezident marhumning hayot yoʻli, amalga oshirgan ezgu ishlari hamda el-yurt ravnaqi yoʻlidagi xizmatlarini yodga oldi.
Shavkat Mirziyoyev oʻtganlar xotirasiga ehtirom koʻrsatish va kattalarni eʼzozlash yosh avlod uchun ibrat ekanini taʼkidladi.

Kallibek Kamalov koʻp yillar davomida Qoraqalpogʻistonda turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. U hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat va qishloq xoʻjaligini taraqqiy ettirish hamda aholi turmush sharoitini yaxshilashga hissa qoʻshgan.
Keyingi yillarda Kamalov nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida faoliyat yuritib, keksalarni qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda hamjihatlikni mustahkamlash va yoshlar tarbiyasida ishtirok etgan.

Kallibek Kamalovning xizmatlari davlat tomonidan «Shuhrat» medali va «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.


















