Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kegeyli tumanidagi ADM Agro korxonasining sanoatlashgan intensiv bogʻida yoʻlga qoʻyilgan zamonaviy agrar tajriba bilan tanishdi.
Loyiha Orolboʻyining murakkab iqlimi va shoʻr tuproq sharoitida intensiv bogʻdorchilikni rivojlantirishga qaratilgan. Unga 55 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Intensiv bogʻning umumiy maydoni 330 gektarni tashkil etadi. Loyiha doirasida mahalliy aholi uchun 100 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan.

Hozirda 69 gektar maydonga AQShda seleksiya qilingan 250 ming tup qora olxoʻri koʻchati ekilgan. Ushbu nav shoʻr yerlarga chidamli boʻlib, ekilganidan keyin ikki yilda hosilga kirishi aytilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, bir tup daraxtdan 50–60 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Mevalarining yirikligi va danagining oson ajralishi esa ularni qayta ishlash uchun qulay qiladi.
Yerdan samarali foydalanish va qoʻshimcha daromad olish maqsadida olxoʻri daraxtlari orasiga hosildor pomidor navi ham ekilgan. Uning har gektaridan oʻrtacha 40–45 tonna hosil olish rejalashtirilgan.

Suv sarfi 60 foizgacha qisqarmoqda
Bogʻda suv tanqisligi sharoitiga mos yopiq drenaj va tomchilatib sugʻorish tizimlari joriy qilingan.
Maʼlum qilinishicha, anʼanaviy sugʻorish usulida bir gektar maydon uchun 12 ming litr suv sarflansa, yangi tizimda bu koʻrsatkich 5 ming litrni tashkil etadi. Natijada suv sarfi 60 foizgacha kamayadi.
Tomchilatib sugʻorishda suv bevosita daraxt ildiziga yetkazib beriladi. Suv bilan birga beriladigan mineral oʻgʻitlarning 90 foizgachasi oʻsimlik tomonidan oʻzlashtirilishi qayd etilgan.


















