Jahon | 08:22 / 20.06.2018
6536
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashini tark etishini e'lon qildi 

Foto: REUTERS/Toya Sarno Jordan

AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Xeyli va AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo 19 iyunda AQSh BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashidan chiqishini e'lon qilishdi. 

“AQSh BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashidan rasman chiqadi. Men bu qadam inson huquqlari sohasidagi majburiyatlardan voz kechish hisoblanmasligini tushuntirib qo‘ymoqchiman”, deb aytgan Xeyli.

Uning aytishicha, AQSh hukumatining kengashni isloh qilish bo‘yicha chaqiriqlari inobatga olinmagan va kengashdan chiqish qarori Vashington “hech qanday taraqqiyotni ko‘rmayotgandan” keyin qabul qilingan. “Biz bu qadamga inson huquqlariga amal qilishga sodiqligimiz bizga inson huquqlari ustidan mazax qiluvchi bu ikkiyuzlamachi va tamagir tashkilotning bir qismi bo‘lib qolishga ijozat bermagani uchun bordik”, deb aytgan Xeyli.

AQSh vakilining aytishicha, ushbu qaror yengiltaklik bilan qabul qilinmagan. “17 oy avval AQSh ma'muriyati o‘zgarganda, bizga kengashning katta kamchiliklari ma'lum edi. Biz o‘shandayoq undan chiqib ketishimiz mumkin edi, biroq buni qilmadik. Buning o‘rniga biz muammolarni vijdonan hal qilishga harakat qildik”, deb ta'kidlab o‘tgan Xeyli.

Xeylining ta'kidlashicha, kengash “inson huquqlarini buzuvchilar himoyachisi va siyosiy noxolislik o‘rasi” hisoblanadi. U, shuningdek, kengashni “Isroilga nisbatan cheksiz adovatda” aybladi.  

Xeyli AQSh kengashdan tashqarida ham inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini va agar tegishli islohotlar o‘tkazilsa, kelgusida kengashga yana qaytishi mumkinligini ta'kidlab o‘tgan.  

Mavzuga oid