Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasi oliy sudi 24 ayol bilan nikoh qurgan Uinston Blekmorga ko‘pxotinlik uchun jazo hukmini chiqardi. Bu haqda The Globe and Mail nashri ma'lum qildi. 

Yana bir ayblanuvchi, 5 ayol bilan nikoh qurgan Jyeyms Oler ham aybdor deb topilgan.

Foto: getty images

Sud qaroriga ko‘ra, Blekmor 6 oylik, Oler 3 oylik uy qamog‘iga mahkum qilingan. Bundan tashqari, erkaklar mos ravishda 150 va 75 soatlik jamoat ishlariga jalb qilinadilar.

Blekmor birinchi nikohini 1975 yilda qurgan. 61 yoshli erkakning 4 rafiqasi nikoh qurilgan vaqtda 15 yoshda bo‘lgan. Erkak barcha rafiqalaridan 149 farzand ko‘rgan.

Foto: Handout

Blekmor va Oler Kanadada 100 yildan ko‘proq vaqt ichida ko‘pxotinlik uchun sudlangan ilk fuqarolar bo‘ldilar.

Ikki erkak ham mormonlarning fundamental cherkovi a'zolari bo‘lgan. Bu tashkilot ko‘pxotinlikdan 19-asr oxiridayoq voz kechgan bo‘lsa-da, mormon-fundamentalchilar orasida hanuzgacha ko‘pxotinlik mavjud.