Jahon | 12:18 / 06.07.2018
5121
2 daqiqa o‘qiladi

Rio-de-Janeyro plastmassa chiqindidan voz kechish uchun yana bir qonun qabul qildi

Foto: Reprodução

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mahalliy bar va restoranlarga plastik quvurchalarni ichimliklar bilan birga berish taqiqlandi. Shahar meri Marselu Krivella shu haqdagi hujjatni imzoladi, deb yozmoqda Globo nashri.

Umumiy ovqatlanish muassasalari ushbu qoidani buzadigan bo‘lsa, birinchi safar 3 ming real (770 AQSh dollariga yaqin), ikkinchi safar 6 ming real (1540 dollar)gacha jarimaga tortiladi. Bar va restoranlar plastik o‘rniga ko‘p marta foydalanish mumkin bo‘lgan yoki chiriydigan materiallardan yasalgan quvurchalar taqdim etish tavsiya etilmoqda. 

Ta'kidlanishicha, Rio-de-Janeyro Braziliyaning shu kabi qonun qabul qilgan ilk shahri bo‘lgan. 

Bundan tashqari, Rio-de-Janeyro qonunchilik assambleyasi may oyida supermarketlarga bir martalik polietilen paketlarni bepul berishni taqiqlagan edi. Hujjatni shtat gubernatori Luis Fernandu Pezau imzolagach, kuchga kiradi. 

2009 yildan Rio-de-Janeyro shtatida plastik paketlardan voz kechishga turtki beradigan qonun ham amalda. Unga ko‘ra, savdo tarmoqlari xaridorlar o‘z sumkalaridan foydalansa, chegirma taqdim etishlari lozim. 

Polietilen paketlar nafaqat eng keng tarqalgan, balki eng sekin chiriydigan chiqindilardan biri hisoblanadi. U 100 yildan 500 yilgacha yerda saqlanishi mumkin. Plastik chiqindilar, ayniqsa dengiz va dunyo okeaniga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Xalqaro "Grinpis" tashkilotiga ko‘ra, dunyo okeanidagi jami chiqindining 80 foizi plastmassadir. 

Mavzuga oid