Tojikistonning So‘g‘d viloyati markazi Xo‘jand shahrida 6-7 iyul kunlari So‘g‘d 2018 — V Xalqaro savdo yarmarkasi bo‘lib o‘tgani, unda O‘zbekistonning 40 dan ziyod korxonasi o‘z mahsulotlari bilan qatnashgani haqida avval ham xabar bergan edik.

Mazkur yarmarkada o‘zbek tadbirkorlarining ishtirokini tashkil etishda Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasining ham katta hassasi bo‘ldi.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9-10 mart kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahriga qilgan tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga chiqarish yaqin ikki yil mobaynida o‘zaro savdo hajmini 1 mlrd. AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berilgan edi.
Shuningdek, davlatlar orasida vizasiz rejim yo‘lga qo‘yilganligi asrlar davomida do‘stona yashab kelgan ikki xalq o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro munfaatlarga asoslangan iqtisodiy munosabatlar kundan kun rivojlanmoqda.
Hududiy boshqarmaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha o‘tgan davr mobaynida Savdo-sanoat palatasi ko‘magida birgina Xo‘jand shahrida O‘zbekiston savdo uyi tashkil etildi. «Saxovat» bozorida o‘zbek tadbirkorlar mahsulotlari sotilishi yo‘lga qo‘yildi. Bozorda 300 ta savdo rastasi mavjud bo‘lib, hozirgi kunda 180 dan ortiq savdo rastasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘zlarining mahsulotlarini sotishmoqda.
Mahalliy hokimliklar, tashkilotlar va idoralar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi va So‘g‘d viloyati Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangan.

Kelishuv doirasida tojikistonlik tadbirkorlar O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan biznes forumlar, kooperatsion birjalarda ishtirok etib kelmoqda.
O‘z navbatida, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Tojikiston Respublikasida o‘tkazilayotgan biznes forumlar, ko‘rgazma yarmarkalarda ishtirok etishi tashkil qilinmoqda.
Palataning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning 6-7 iyul kunlari Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro «SO‘G‘D-2018» ko‘rgazma-yarmarkasida 100 dan ortiq tadbirkor ishtiroki, shundan 42 ta tadbirkorlar mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan ishtirok etishi tashkil qilindi.










