Tojikistonning So‘g‘d viloyati markazi Xo‘jand shahrida 6-7 iyul kunlari So‘g‘d 2018 — V Xalqaro savdo yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.
Xo‘janddagi sport saroyida tashkillashtirilgan xalqaro tadbirning ochilish marosimida nutq so‘zlar ekan, So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda barcha ishtirokchilarga omad tilab, bunday xalqaro tadbirlar davlatlararo iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlab o‘tdi.



O‘tgan yili ilk bor o‘zbekistonlik ishbilarmonlar 32 ta korxona bilan mazkur yarmarkada ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil Tojikistonda o‘z mahsulotlarini namoyish etishni istagan korxonalar soni 40 dan oshdi.


O‘zbekistonlik ishbilarmonlar, ayniqsa, turli texnika, tekstil, oziq-ovqat, sanoat mollari, maishiy kimyo, poligrafiya mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
— Bizning mini fabrikamiz 100 ishchi quvvatiga ega. Kuniga 700-800 dona bolalar kiyim kechagi ishlab chiqaramiz. Mahsulotlarimiz 100 foiz sof paxtadan tayyorlanadi. Chiqarayotgan mahsulotlarimizni Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistonga eskport qilib kelmoqdamiz. Endi o‘zimiz uchun Tojikiston bozorini ochoshga qaror qildik, — deydi «Mini Max Elegant» MChJ bosh menejyeri Abror Bahodirxo‘jayev.

O‘zbekistonlik ishbilarmonlarning stendlari xaridorlar bilan gavjum bo‘ldi.
Masalan, elektr transformatorlar va elektrotexnika uskunalar ishlab chiqaruvchi «ELSTAN» MChJning stendi So‘g‘d viloyati raisi R.Ahmadzodada ham katta qiziqish uyg‘otib, bunday zamonaviy transformatorlarni So‘g‘d viloyatida ham yig‘ishni yo‘lga qo‘yish haqida bitim imzolandi.

— 2003 yilda ochilgan korxonamizda bugungi kunda 14 kVtdan 140 kVtgacha bo‘lgan 107 xil elektr uskunalar ishlab chiqaramiz. «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha obodonlashtirilayotgan hududlarga ham, namunali uylarda ham mahsulotlarimiz o‘rnatilmoqda. O‘zbekistonning 30 foiz hududida transformatorlarimizdan foydalanilmoqda, — dedi korxona xodimi Xudoynazar Bekchanov.












