Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vakili Ma'rufjon Shakarov saqlanayotgan izolyatorga bordi
2018 yilning 18 iyul kuni O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi xodimi O‘zbekiston fuqarosi Ma'rufjon Shakarovga huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida Moskva shahridagi Jazoni ijro etish federal xizmatining 1-tergov izolyatoriga (SIZO-1) tashrif buyurdi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Shakarov sog‘ligidan shikoyat qilmagan. Har kuni SIZO rahbariyati u bilan suhbat o‘tkazmoqda, vrach tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Tez tibbiy yordam ko‘rsatishni talab qiluvchi holatlar mavjud emas.
SIZO-1 rahbariyati bergan izohga ko‘ra, agar Shakarov ochlik holatini to‘xtatsa, sog‘lig‘ini tiklashi uchun tibbiy bo‘limga joylashtiriladi.
Moskvaning «Matrosskaya tishina» qamoqxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi, 1996 yilda tug‘ilgan Ma'rufjon Shakarov bir oydan oshiqroq vaqtdan beri sud qaroridan norozilik sifatida ochlik e'lon qilgan.
2017 yil 13 dekabrda Ma'rufjon Shakarov Moskvaning Preobrajyenskiy tuman sudi tomonidan sotish maqsadida yirik miqdordagi giyohvandlik moddalarini o‘g‘irlash va saqlash aybi bo‘yicha 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
14 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Moskva shahar sudi Sud kollegiyasi apellyatsion qarori bilan Ma'rufjon Shakarovning harakatlari yirik miqdordagi giyohvandlik moddalarini sotish maqsadisiz saqlash etib qayta malakalangandi. Shuningdek, 10 yil ozodlikdan mahrum etish jazo chorasi 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etishga o‘zgartirilgan.
14 iyul kuni O‘zbekiston elchixonasi konsullik bo‘limi xodimining qamoqxona rahbariyati bilan suhbatidan ma'lum bo‘ldiki, Shakarov ochlik e'lon qilgani sababli bir kishilik kameraga o‘tkazilib, kunu tun videokuzatuv ostida saqlanmoqda.