O‘zbekiston | 13:00 / 17.07.2018
27705
2 daqiqa o‘qiladi

Elchixona Moskva qamoqxonasida ochlik e'lon qilgan O‘zbekiston fuqarosi ishini nazoratiga oldi

Foto: mk.ru

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Rossiya qamoqxonasida nohaqlik tufayli ochlik e'lon qilgan O‘zbekiston fuqarosi, 22 yoshli Ma'rufjon Shakarovga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Bosh prokuratura bilan hamkorlikda tegishli protsessual harakatlarni amalga oshirmoqda. Shakarov katta miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlashda ayblanmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Ma'rufjonga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida tegishli tashkilotlarga, xususan Moskva shahridagi sud organlariga rasmiy murojaat bilan chiqqan.

Natijada 2018 yil 14 iyundagi Moskva shahar sudining apellyatsiya instansiyasi ajrimiga ko‘ra, Shakarovning qilmishida «keyinchalik o‘tkazish (masalan, sotish) maqsadi bo‘lmaganligi» uchun jinoyat ishi qayta malakalangan hamda 2017 yil 13 dekabr kuni unga berilgan 10 yillik qamoq jazosi 5 yilga kamaytirilgan.

14 iyul kuni O‘zbekiston elchixonasi vakili Ma'rufjon saqlanayotgan 1-raqamli jazoni ijro etish muassasasi rahbariyati bilan telefon orqali suhbatlashganda, u apellyatsiya ajrimidan norozi bo‘lgani sababli ochlik e'lon qilgani, tartibga ko‘ra, uni bir kishilik kameraga olib o‘tishgani, u doimiy videokuzatuv hamda tibbiy xodimlar nazoratida bo‘lib turgani, uning bugungi kundagi sog‘lig‘ida jiddiy muammolar yo‘qligini ma'lum qilishgan.

Yaqin kunlarda Ma'rufjonning onasi va xolasini Ma'rufjon bilan uchrashtirish ishlari tashkil qilinishi kutilmoqda.

Mazkur masala O‘zbekistonning tegishli tashkilotlarining doimiy nazoratida ekanligi ma'lum qilingan.

Mavzuga oid