Jahon | 17:40 / 24.07.2018
9259
2 daqiqa o‘qiladi

Laosda to‘g‘on vayron bo‘ldi. Yuzlab kishi bedarak ketdi

Laos janubi-sharqida to‘g‘on buzilishi oqibatida yuzlab kishilar bedarak yo‘qoldi. Mahalliy OAVda yozilishicha, hodisa oqibatida bir qancha qurbonlar ham bo‘lishi ham mumkin. Kuchli suv oqimi daraxtlarni oqizib ketgan va minglab uylarni vayron qilgan.

Lao News Agency xabariga ko‘ra, 23 iyul kuni kechqurungi vaqt bilan soat 8da yorilgan to‘g‘ondan 5 mlrd. kubometr suv otilib chiqqan va bir necha yuzlab odamlar bedarak yo‘qoldi, aholi turar joylari vayron bo‘ldi. 6,5 mingdan ortiq kishi boshpanasiz qolgan. Voqea joyidan olingan videolarda uylar suv ostida qolgani, tomlarda odamlar o‘tirganini ko‘rish mumkin.

Atrof-muhit himoyasiga mas'ul guruhlar ancha yillardan beri Mekong daryosida qurilgan to‘g‘onlar oqibatida hayvonot va o‘simlik olami, qishloq aholisi va mahalliy iqtisodiyotga katta zarar keltirishi mumkinligi haqida gapirib kelishadi.

Vayron bo‘lgan to‘g‘on qurilishi 2013 yili boshlangandi, u 2019 yildan boshlab ishga tushishi va to‘g‘on ishlab chiqargan quvvatning 90 foizi Tailandga eksport qilinishi rejalashtirilgandi. Qolgan 10 foiz quvvat PNPC va Electricite du Laos o‘rtasida tuzilgan kelishuv asosida mahalliy tarmoqqa sotilishi kerak edi.

Rasmiylar Xepian-Xe Namnoy suv ombori joylashgan Attapeu provinsiyasi, San Sai tumani aholisini evakuatsiya qilish uchun qayiqlarni jo‘natdi. To‘g‘onni qurayotgan SK Engineering& Construction tashkiloti ushbu hodisaga kuchli yomg‘ir va toshqinlar sabab bo‘lgani va jabrlanuvchilarga yordam berish uchun Laos hukumati bilan birgalikda choralarni qo‘llashini aytmoqda.

Mavzuga oid