2019–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi loyihasida ta'lim va inson kapitalini rivojlantirish sohasida shu va boshqa chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Norma shu haqda sharh e'lon qildi.
Maktabdagi ta'lim
Maktab ta'limida zamonaviy ta'lim dasturlari, smart-texnologiyalar va e-learning tizimini faol joriy etish rejalashtirilmoqda. Ushbu rejalarni amalga oshirish uchun elektron onlayn-modullar va masofali ta'lim dasturlarini shakllantirish talab etiladi.
Ma'lumot uchun:
Smart-texnologiyalar – maqsadlarni qo‘yishga zamonaviy yondashuv bo‘lib, dastlabki bosqichdayoq mavjud barcha axborotni umumlashtirish, maqbul ish muddatlarini tayinlash, resurslar yetarliligini belgilash, shuningdek jarayonning barcha ishtirokchilariga aniq va tushunarli vazifalar berish imkonini yaratadi. Zamonaviy Smart-ta'limning muhim jihatlari moslashuvchan va ochiq ta'lim muhiti yaratilishini: gadjyetlardan foydalanish, ochiq ta'lim resurslari, boshqaruv tizimini taqozo etadi.
Ye-learning tizimi – yangi axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari yordamida bilim berish va ta'lim jarayonini boshqarish. Elektron ta'lim jarayonida axborot yetkazishning interaktiv elektron vositalaridan, ko‘pincha Internet va kompaniyalarning korporativ tarmoqlaridan foydalaniladi, biroq boshqa usullar, masalan, kompakt-disklar ham istisno qilinmaydi. Elektron ta'lim tizimi dasturiy va apparat yechimlaridan tashkil topadi. U o‘quv kontenti va ta'limni monitoring qilish tizimini o‘z ichiga olgan maxsus ma'lumotlar bazasi mavjud bo‘lishini taqozo etadi.
Uzluksiz maktabdan tashqari (qo‘shimcha) ta'lim tizimini takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida o‘quv markazlari, qo‘shimcha ta'lim beriladigan to‘garaklarga qatnovchi bolalar soni ko‘payadi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning bir xilda ta'lim olishini ta'minlash uchun inklyuziv ta'lim rivojlantiriladi. Ushbu yo‘nalishda o‘quv muassasalari binolarida ko‘tarish qurilmalari, panduslar, sanitariya xonalarida maxsus moslamalar o‘rnatish, tutqichlar, maxsus partalar, stollar va boshqa maxsus kompensator vositalar bilan jihozlash vositasida «to‘siqsiz muhit» yaratishga doir chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilishi lozim. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan bolalarni integratsiyalangan o‘qitish dasturlari yaratiladi. Kadrlar masalasi ham hal etilishi kerak: maktablar defektolog pedagoglar, bolalarni ruhiy-pedagogik jihatdan kuzatuvchi mutaxassislar bilan ta'minlanadi.

















